Joriy yil 13-yanvar kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi hamda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, qo‘mita ekspertlari, vazirlik va idoralar mas'ullari, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi. Ta'kidlanganidek, uglevodorodlar zahiralari yil sayin kamayib borib, jahon bozorida neft va gaz narxi ko‘tarilmoqda, bu esa o‘z navbatida insoniyatga quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishni taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi soni ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshishi, 2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim milliy maqsad va vazifalaridan biri 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini jiddiy ravishda ko‘paytirishdan iborat. Bu borada bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligining pastligi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun innovasion yechimlarni joriy etishda xususiy sektor ishtiroki yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga o‘zining ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. Bu borada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, aholini arzon va qulay energiya bilan ta'minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hozirda dolzarb yo‘nalishlardan biridir.
Shu maqsadda 2022-yilda Qoraqalpog‘istonda 1700 MVt.lik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimi imzolanishi rejalashtirilayotganligi alohida qayd etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari hamda aholi turar joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqish taklifi berildi.
Bu borada “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ko‘zda tutilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy qilish orqali xorijiy investitsiyalar va mahalliy tadbirkorlarni sohaga jalb etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda bugungi kunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiya loyihasida ham mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish orqali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilganligi qayd etib o‘tildi.
Hujjat loyihasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 8 ta shamol elektr stansiyalarni qurish hisobiga 4 GVt, 10 ta quyosh fotoelektr stansiyalar ishga tushirish orqali 4 GVtga qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishni qamrab olgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Yig‘ilish ishtirokchilari sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish, uy-joy-kommunal ho‘jaligi, ijtimoiy soha ob'ektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biri ekanligini alohida qayd etishdi.
Hujjat loyihasiga muvofiq xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar doirasida o‘z ehtiyojlari uchun issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish komponentini kiritish tartibi joriy etiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati