O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonga 2022-yilda 9,5 mlrd. dollarlik xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirilishi rejalashtirilmoqda
2022-01-13 | Iqtisodiyot
Bugungi kunda mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti natijasida tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Xususan, 2021-yilda jami 10 milliard dollardan ortiq, jumladan, 8 milliard 100 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.
Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 milliard dollardan ziyod eksport va 530 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega.
Albatta, koronavirus pandemiyasi hali-hamon iqtisodiy jarayonlarga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shunga qaramay, eksportda izchil o‘sishga erishilmoqda.
Xususan, 2020-yilda mamlakatimizda eksport hajmi 9 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2021-yilda 12 milliard dollarni tashkil etgan. E’tiborlisi, bunda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli ko‘paygan.
Strategik rivojlanish agentligining xabar berishicha, joriy yilda 9 milliard 500 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalar ishga tushirish mo‘ljallangan. Eksport hajmini 14 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.
Yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni o‘zlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Strategik rivojlanish agentligi investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi ko‘plab vazifalarni amalga oshiradi.
Manba: O'zA