O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hududlarni mutanosib rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyot 1,4-1,6 baravarga oshiriladi

2022-01-13 | Siyosat

«Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasida  hududlarni mutanosib rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyotni 1,4-1,6 baravarga oshirish vazifalari belgilanmoqda.

Hujjatga muvofiq 14 ta hudud bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida ishlab chiqilgan besh yillik hududiy dasturlar amalga oshiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reyting ko‘rsatkichlari “qoniqarsiz” bo‘lgan shahar va tumanlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Hududlarda aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun urbanizatsiya siyosatini yana-da takomillashtiriladi. Samarqand va Namangan shaharlari istiqbolda «millionlik shaharlar»ga aylantiriladi. Shuningdek,  450 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Andijon shahrining dastlabki bir nechta mavzelarini qurish va Qashqadaryo viloyatining urbanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish tadbirlari belgilanmoqda.

Shaharlardagi aholining turmush tarzi qulayligini baholovchi «Shaharlar qulayligi» indeksi joriy etiladi va shaharlarni raqamlashtirish, qurilish va loyihalashtirish ishlarining sifati oshiriladi va «Aqlli shahar» konsepsiyasiga muvofiq rivojlantiriladi.

Toshkent shahrida barpo etilgan “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkini 4 ta hududda tashkil etish, innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq islohotlar ham loyihadan o‘rin olgan.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida arxitektura-qurilish sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligi qayd etilgan.

Qurilish sohasini texnik tartibga solish va  aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini tubdan takomillashtirish va shaharsozlik hujjatlari bilan taʼminlash dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifalari ham farmon loyihasida taʼkidlanmoqda.

Bundan tashqari aholini joylashtirishning bosh sxemasini ishlab chiqish, renovatsiya va uy-joylar dasturlari asosida shaharlarda eskirgan uylar o‘rniga 19 million kvadrat metrdan ortiq zamonaviy uy-joylarni barpo etish, 275 mingdan ziyod oilaning yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratish singari takliflar nazarda tutilmoqda.

Loyihada, shuningdek, hududlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tizimini hamda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirishga oid vazifalar taklif etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida hududlarning «o‘sish nuqtalari»dan kelib chiqib, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Respublika hududlarida qariyb 80 ming kilometr magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlari, 20 mingdan ortiq transformator punktlari hamda 200 dan ziyod podstansiya quriladi va yangilanadi.

Respublika aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shahar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimini yangilash ko‘zda tutilmoqda.

Suv taʼminoti quvurlaridagi suv sirqish nuqtalarini sunʼiy yo‘ldosh texnologiyasi orqali masofadan zondlab aniqlash va taʼmirlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi.

Toshkent shahrida oqova suvini tozalash tizimini shahar hududidan tashqariga chiqarib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi inshootlar barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari farmoni loyihasida hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali keyingi 5 yilda xizmat ko‘rsatish hajmini 3 baravarga oshirish hamda ushbu yo‘nalishda jami 3,5 million yangi ish o‘rinlarini yaratish vazifalari belgilangan.

Unga ko‘ra, shahar va tumanlar markazlarida aholining kundalik ehtiyoji yuqori bo‘lgan maishiy va kommunal xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha pullik santexnika, elektrik, uy jihozlarini taʼmirlash, keytering kabi xizmatlarni ko‘rsatish punktlari zamon talablari asosida  rivojlantiriladi.

Respublika hududlarida savdo va yo‘lbo‘yi xizmatlarini rivojlantirish orqali 130 ta zamonaviy bozor va savdo komplekslari, shuningdek, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 65 ta yirik hamda 5000 ta kichik xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Servis sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini 3 baravarga qisqartirish va xizmatlar sohasining jozibadorligini oshirish maqsadida sohadagi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться