O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahallalarga iqtisodiy erkinlik berish, mahalla fondini tashkil etish kabi takliflar bildirilmoqda
2022-01-12 | Jamiyat
Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda. Jumladan, bugun «Yuksalish» umummilliy harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda qator tashkilotlar ishtirokida mazkur hujjat loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Muloqot avvalida onlayn ishtirok etgan Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov Taraqqiyot strategiyasining muhim jihatlari haqida batafsil to‘xtaldi. Ushbu hujjatda inson qadr-qimmatini ulug‘lash eng birinchi galdagi ustuvor vazifa ekanligi, ushbu masala Bosh qomusimizda ham mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidladi.
Tadbirda Taraqqiyot strategiyasi loyihasining har bir yo‘nalishi bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Xususan, birinchi yo‘nalish bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marupova to‘xtalar ekan, vazirlik tizimida 700 dan ortiq muhokamalar bo‘lganini, jamoatchilik tomonidan mahalla tizimiga oid ko‘plab hayotiy takliflar berilayotganini ta’kidladi.
Xususan, mahallalarga iqtisodiy erkinlik berish, alohida mahalla fondini tashkil etish kabi takliflar taqdim etilayotgani mahalla institutining yanada faol ishlashiga xizmat qiladi. Qolaversa, mahallaga oid takliflar inson qadrini ulug‘lashda bu institutning o‘rni va rolini yanada oshirishga zamin bo‘ladi.
Yig‘ilishda 7 ustuvor yo‘nalishning har biri batafsil muhokama qilinib, takliflar bildirildi. Taqdim etilgan takliflar umumlashtirilib, Strategiya loyihasini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilishi qayd etildi.
Manba: O'zA