O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof qozonmoqda
2022-01-12 | Jamiyat
Qirg‘iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi rayosati aʼzosi, taniqli yozuvchi, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning Qirg‘iziston bo‘limi rahbari, “Qirg‘iziston-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Begijon Ahmedov yurtdoshlarimiz hamda O‘zbekiston harbiy xizmatchilarini mamlakatimiz Qurolli kuchlari tuzilganining 30 yilligi bilan tabrikladi
Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, mudofaa tizimini takomillashtirish, qardosh qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda, - dedi u. - Chunki umumiy xatarlarga qarshi birgalikda kurashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Mudofaa va xavfsizlik tizimida asosiy omil qurolli kuchlar bo‘lib, ularning harbiy-siyosiy tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarning zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi, har qanday tajovuzga tayyor turishi tinchlik-osoyishtalikning garovi hisoblanadi. Bu borada 14-yanvar kuni o‘ttizinchi marotaba o‘z bayramini nishonlayotgan O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof qozonmoqda.
MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar doiralarida o‘tkazilayotgan harbiy musobaqalarda O‘zbekiston Qurolli kuchlari jamoalarining muntazam g‘alabalarga erishayotganligi mamlakat yetakchisi va Oliy bosh qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan va izchil amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasidir.
Darhaqiqat, harbiy xizmat mavqeini oshirish, chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarni maʼnaviy-maʼrifiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha qardosh O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tahsinga sazovor. Masalan, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etilishi ham ilmiy va maʼrifiy jihatdan katta voqea bo‘ldi, deb aytsak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shubha yo‘qki, yangi akademik litseylarda sohibqiron Amir Temur davri tafsilotlaridan tortib jahon adabiyoti va tillarini o‘rgatishga qadar keng bilimlar berilishi bu o‘quv yurtlaridan maʼnan maʼrifatli, qalban pok va vatanparvar mutaxassislarning voyaga yetishini taʼminlaydi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi