O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Yaponiya elchisi bilan ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini munosib nishonlash xususida fikr almashdi
2022-01-10 | Siyosat
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bugun Yaponiya elchisi Yoshinori Fudjiyama bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Parlament yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilgani taʼkidlandi. 2019-yilda O‘zbekiston Prezidentining kunchiqar yurtga tashrifi ikki tomonlama aloqalar rivojlanishini yangi darajaga ko‘tardi.
Tomonlar savdo, investitsiyalar, iqtisodiyot, siyosat, taʼlim, madaniyat sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi va Yaponiya parlamenti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ildam rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.
Ikki tomonlama munosabatlar do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida qurilgani taʼkidlandi. Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil nishonlanadi.
Tomonlar ushbu shonli sana munosabati bilan parlament aʼzolari, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniya va vakolatxonalari vakillari ishtirokida parlamentlararo konferensiya o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi