O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson qadrini ulug'lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash demakdir
2022-01-10 | Jamiyat
O'tayotgan yillar yurtimiz, xalqimiz hayotida yorqin voqeliklarga boy bo'ldi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasini odamlar o'z turmushlarida ko'rib, his qilishmoqda. Hududlardagi ulkan bunyodkorliklar, obod manzillar hayotimizga yangicha zeb bermoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson qadri uchun!” shiori ostida olib borilayotgan ezgu amallar umummilliy maqsad va harakatga aylandi. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, yurtimiz iqtisodiyotining barqarorligi, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash siyosati yanada keng ko'lamda davom ettirilgani tahsinga loyiq.
Prezidentimizning YAngi yil munosabati bilan O'zbekiston xalqiga yo'llagan tabrigida joriy yilga “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb nom berilgani yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlarning nafaqat davomiyligini, balki yanada keng ko'lamli va samarali bo'lishini ta'minlashi shubhasiz.
Tabrikda ta'kidlanganidek: “Inson qadrini ulug'lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo'lgan mahalla hal qiluvchi o'rin tutadi. Mahalla tinch bo'lsa, yurt tinch bo'ladi. Mahalla obod bo'lsa, mamlakat obod bo'ladi”.
Demak, joriy yilda ham mahallalarda samarali ish olib borish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasiga aylanadi. Biz mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash tizimida mehnat qilayotgan barcha mas'ullar o'z oldimizga maqsad va vazifalarni belgilab oldik.
Eng muhimi, mahalla tizimiga qaratilayotgan e'tibor, mutasaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilikning hamkorligi natijadorlikni oshirmoqda. Odamlar davlatimiz o'z fuqarolari taqdiriga befarq emasligiga amin bo'lishlari shart va zarur.
Biz mana shu maqsaddan og'ishmay, ayollarning eng yaqin do'sti, hamkori va hamfikri bo'lishga harakat qilyapmiz. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan individual ishlash tizimini yo'lga qo'yish orqali, har bir xotin-qizning muammosi hal etilishida kim, qachon, qaerdan degan savollarga aniq javob va aniq echim bo'lmaguncha o'z-o'zimizga talab va nazoratni kuchaytiramiz.
Zero, bugun mahallalarda ishni sifatli va samarali tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar bor. Obod mahalla, obod manzillar yaratish, obod xonadonlar barpo etish bo'yicha shaxsan Yurtboshimizning o'zi bizga kamarbasta bo'lmoqda. Bu e'tibor va g'amxo'rliklar xalqimizning hayotini yanada farovon va mazmunli bo'lishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Manba: Tоshkеnt vilоyati hоkimligi