Xorazm viloyatida investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda
Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xorazm viloyatidagi tuman va shahar bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishda viloyatning tuman va shaharlarida investitsiyalarni rag‘batlantirish, sanoatni rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishning yangi tizimini joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Joylarda iqtisodiy salohiyatni o‘rganish, istiqbolli yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan ishlash va ishga tushirilgan ishlab chiqarish ob'ektlari faoliyatini monitoring qilishning yangi usullari ko‘rib chiqildi.
Ta'kidlandiki, yangi tizimga muvofiq, viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyihaga mas'ul xodim - “Loyiha menedjeri” biriktirilishi ko‘zda tutilgan. Uning vazifalari loyiha tashabbuskorlariga biznes – reja va loyiha hujjatlarini tayyorlash, yer uchastkalarini olish va moliyalashtirish masalalarini hal etish, muhandislik kommunikasiyalariga ulanish, loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishda ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi. “Loyiha menedjerlari” faoliyatining samaradorligini baholash ishlab chiqilgan mezonlar tizimi asosida amalga oshiriladi.
Viloyat tuman va shaharlarining bugungi ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, mavjud “o‘sish nuqtalari”ni ishga solib aholi hayot sifatini yaxshilash va uning bandligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan harakatlarni faollashtirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari joylarda orttirgan tajriba almashib, amaliyotda ro‘y berayotgan muammoli masalalar bilan o‘rtoqlashdilar. Har bir tilga olingan holat yuzasidan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirokida ish olib borildi hamda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, Vazirlikning Xorazm viloyatidagi tuman va shahar bo‘linmalari xodimlari mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash jarayonida shakllangan ko‘nikmalardan samarali foydalanish bo‘yicha manzilli topshiriq va ko‘rsatmalar oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi