O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2022-yildan O‘zbekistonda qancha daraxt o‘sishda davom etayotgani va qanchasi nobud bo‘layotgani nazoratga olinadi
2022-01-08 | Jamiyat
Daraxtlarning joriy yilda o‘simliklarning vegetatsiya davrida navbatdagi inventarizatsiyasi bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin qancha daraxt o‘sishda davom etayotgani va qanchasi nobud bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan ikki yil davomida O‘zbekistonda yoshi 100 va undan katta bo‘lgan 4 ming 682 tup daraxt bor edi. Ularning ko‘pchiligi Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida o‘sadi va asosan archalardan iborat.
Mutaxasislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yoshi 100 va undan katta bo‘lgan barcha daraxtlar davlat muhofazasiga olingan. Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqida asosli xabar berganlar esa bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ishtirokida o‘tgan 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.
Tegishli nizomga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. (Ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno).
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab o‘rnatiladigan tartibga ko‘ra, aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari va qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘chatlar yetkazib berilishi, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko‘chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanishi tegishli tartibga ko‘ra belgilab qo‘yilgan. Ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.
Manba: O'zA