O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kimyo bo'yicha darslik mualliflari jamoasiga 100 mln. so'mlik mukofot berildi
2022-01-08 | Innovatsiya
2021-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilg'or xorijiy tajriba asosida ta'lim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o'quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo'yicha milliy tanlov tashkil qilindi. Tanlov 2021-yilning 8-yanvar kuni e'lon qilindi va uning natijasiga ko'ra g'olib deb topilgan mualliflarni Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan 100,0 mln. so'mdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlash belgilandi.
Tanlovga 21 ta o'quv va ilmiy adabiyotlar kelib tushdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining vakillaridan iborat tanlov komissiyasi xulosalariga ko'ra Kimyo fani bo'yicha Tanlov komissiyasi qaroriga asosan S.Burxonov, H.Karaeva, J.Qo'nishev muallifligidagi “Kimyo boshlang'ich saboqlari” 7-sinf uchun darsligi g'olib deb topildi. Kimyo fani bo'yicha tanlov natijasiga ko'ra g'olib deb topilgan mualliflar jamoasi yuz million so'mlik bir martalik mukofot puli bilan taqdirlandi.
Biologiya fani bo'yicha tanlov shartlari to'la bajarilmagani uchun tanlov g'olibi aniqlanmadi. Tanlov komissiyasi tanlovga kelib tushgan adabiyotlarni takomillashtirishni tavsiya etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi