O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sarhisob: 2021-yil - Ichki ishlar organlarida tub islohotlar yili

2021-12-31 | Xavfsizlik sohasi

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish barobarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar samarasi o‘laroq, ichki ishlar organlarida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Sohada o‘tkazilayotgan islohotlarning salmog‘ini ichki ishlar organlari boshqaruv tizimi to‘liq maqbullashtirilgani, shaxsiy tarkib quyi bo‘g‘inda, bevosita aholi o‘rtasida xizmat qilishi taʼminlanganida ham ko‘rish mumkin. Buning uchun har 35–40 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan qo‘shimcha 261 ta yangi ichki ishlar bo‘limi tashkil etildi.

Yirik bozorlar, savdo majmualari va aholi gavjum joylarda mahalliy budjet hisobidan 41 ta bo‘linma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jinoyatchilik statistikasini yuritishda dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda, 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, hududlardagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida xodimlar tomonidan aniqlanadigan jinoyatlarni ijobiy natija sifatida baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Profilaktika inspektorlari, tezkor, tergov, yo‘l-patrul, patrul-post, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda probatsiya xizmati xodimlarining faoliyatini reyting asosida baholash joriy etildi.

Tizimdagi sohaviy xizmatlar qaytadan isloh qilinib, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, xavfsiz turizmni taʼminlash, probatsiya, surishtiruv, mahalla huquq-tartibot maskani va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan bo‘linmalar yangitdan tashkil qilindi. Mahallalarda jinoyatchilikning oqibatlari bilan kurashishga emas, balki huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga o‘tildi. Buning uchun har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori ajratildi. Eng asosiysi, profilaktika inspektorlarining samarali xizmat qilishi uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

Yana muhim o‘zgarishlardan biri sifatida profilaktika inspektorlari mahalla raisining huquq-tartibotni taʼminlash bo‘yicha o‘rinbosari etib belgilanganligidir. Bundan tashqari, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni turli tazyiqlardan himoya qilish maqsadida joylarda ayollar masalalari bo‘yicha katta inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda tazyiqqa uchragan ayollarga himoya orderlari berilib, ularning haq-huquqlari himoya qilinmoqda.

O‘tkazilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida xizmat faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ichki ishlar organlarining 60 foizi optik-tolali aloqa tizimiga ulanib, 90 foizi zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlandi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari uchun yangi maʼmuriy binolar qurilib, amaldagilarining asosiy qismi rekonstruksiya qilindi hamda ko‘plab xizmat avtotransport vositalari xarid qilindi.

Joriy yilning 12 fevralida davlatimiz rahbari boshchiligida IIVda ilk bor Vazirlik hayʼatining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda belgilab berilgan muhim vazifalar tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Unga ko‘ra, bugungi kunda Prezidentimizning 2 ta farmoni va 8 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori hamda 19 ta idoraviy va idoralararo normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlaridagi boshqaruv tizimi mutlaqo yangi shaklga o‘zgardi. Yaʼni, turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun bevosita vazir o‘rinbosari tomonidan boshqarilayotgan Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentlari tashkil etildi. Barcha jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlari bo‘ysunuvidan chiqarilib, bevosita Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga bo‘ysundirildi.

Joylarda jinoyatlar sodir etilishining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda, 11 ta zamonaviy ish uslubi va «hudud metodika»lari yaratildi. Shuningdek, respublika bo‘yicha kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan 45 ta tuman-shaharlar hamda Navoiy viloyati, Angren, Nukus va Qarshi shaharlari hamda Sariosiyo, Koson va Chiroqchi tumanlarini «namunaviy xavfsiz hudud»ga aylantirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturlari tayyorlanib, ijrosi taʼminlanmoqda. Tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida amalga oshirilgan ishlar tufayli mamlakatimizda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yo‘lida muhim asos yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan «Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» tasdiqlanib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ichki ishlar vazirining 2021 yil 2-avgustdagi buyrug‘iga binoan, «Eng yaxshi kutubxona» va «Eng yaxshi kitobxon» ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilib, g‘oliblar pul mukofoti hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.

Konsepsiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Madaniyat vazirligi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi fikrimiz tasdig‘idir.

Ichki ishlar organlarida maʼnaviyat va maʼrifat xonalarini jihozlashning yagona namunaviy loyihasiga muvofiq, vazirlikning hududiy bo‘linmalaridagi 351 ta «Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi»ning yuzdan ortig‘i belgilangan tartibda jihozlandi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish maqsadida respublika bo‘yicha 206 ta shahar-tumanning 186 tasida, viloyatlarning 10 tasida va sohaviy xizmatlarning 45 tasida hamda taʼlim muassasalarning 12 tasida jami 253 ta «Vatanparvarlik burchaklari» tashkil etildi.

Ichki ishlar vazirligi va uning tizimlarida Vatanimiz mustaqilligi va el-yurt osoyishtaligi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlar tahsil olgan maktablar va xizmat joylariga qahramonlik timsolini aks ettiruvchi Yodgorlik lavhalarini o‘rnatish, «Vatanga sodiq o‘g‘lon» maʼrifiy burchaklarini tashkil etish bo‘yicha ham samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, ana shunday xodimlarning 151 nafariga o‘zlari tahsil olgan maktablarda xotira burchaklari, 122 nafariga esa byust va bareleflar o‘rnatildi.

Taʼkidlash joizki, yil davomida 17 mingdan ortiq xodimning kasbiy malakasi oshirilib, 2 mingdan ortiq profilaktika inspektori bilan sayyor o‘quv kurslari, xodimlarning jangovar shayligini oshirish maqsadida esa 200 marta taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, har bir xodimning xatti-harakatiga alohida baho berish hamda uning xulq-atvoridan kelib chiqib, aniq tarbiyaviy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan “xodimbay” tizimi joriy etildi. Jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, uyushmagan yoshlar, deviant xulq-atvoridagi o‘smirlar, nosog‘lom va g‘ayriijtimoiy hayot kechirayotgan shaxslar bilan “fuqarobay” ishlash amaliyotini har bir hududda jadallashtirish bo‘yicha kompleks tezkor va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, o‘z kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz islohotlarga boy bo‘lgan joriy yilda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni chuqur his qilgan holda, sharafli burchlarini vijdonan bajarib, xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlash yo‘lida tinimsiz harakat qilmoqda.

Enver BARIYEV, IIV Tashkiliy departamenti bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik.

Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi

Поделиться