O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiq muloqot oʻzaro ishonch asosida boʻlib oʻtdi
2022-01-08 | Jamiyat
Xorazm viloyatida xizmat safarida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi IIV ishchi guruhi tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda qonuniylikka rioya qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati boshligʻi polkovnik O.Oʻrinbayev va Xorazm viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi polkovnik B.Rajabov tomonidan Hazorasp tumanida ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv ham yuqoridagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirildi.
Hazorasp, Tuproqqalʼa va Bogʻot tumanlari IIB probatsiya boʻlimlari hisobida turgan shaxslarni mazkur ochiq muloqotga taklif etishgan koʻzlangan maqsad, avvalo ularning muammolarini oʻrganish va bartaraf etish borasida amaliy yordam berishga qaratildi.
Oʻzaro ishonch asosida boʻlib oʻtgan ochiq muloqot ishtirokchilari oʻzlariga nisbatan sudlar tomonidan tayinlangan jazodan hayotiy saboq chiqarganliklarini, kelgusida davlat va jamiyat ravnaqiga hissa qoʻshishga tayyor ekanliklarini, probatsiya xizmati xodimlari bilan oʻzaro aloqalarini qonun doirasida amalga oshirib kelayotganliklarini taʼkidlab oʻtdilar.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlar tomonidan hududiy probatsiya xizmati xodimlariga hisobda boʻlgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalarini qoʻllashda amaldagi qonunlarga qatʼiy rioya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi