O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“English for Science” loyihasining 2-fasli natijalari

2022-01-07 | Innovatsiya

O'zbekiston Recpublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan 2021-yilning aprel oyidan “English for Science” loyihasining 2-fasli tanlovi e'lon qilindi. Unda 1167 nafar nomzodlar ishtirok etish istagini bildirishdi.

Barcha nomzodlar ilmiy tadqiqot tashkilotlari va oliy ta'lim muassasalariga yuborilgan taklif xatlari asosida tanlov jarayonlariga jalb qilindi. Tanlov jarayonlari 3 bosqichdan iborat bo'lib, birinchi bosqich onlayn so'rovnomada 1167 nafar talabgorlardan 636 nafari ikkinchi bosqichga tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich shartlariga binoan talabgorlar bilan ingliz tilida suhbat o'tkazildi va natijalarga ko'ra 240 nafar nomzod uchinchi, «Ilmiy tadqiqotlar mavzusi yuzasidan ingliz tilida taqdimot» bosqichiga tavsiya etildi va ushbu bosqichdan 200 nafar talabgor “English for Science” dasturiga muvaffaqiyatli qabul qilindi. 
 

Qabul qilingan talabgorlarning 68 nafari ijtimoiy yo'nalishda, 53 nafari, tibbiyot yo'nalishida IT, 33 nafari fizika va matematika yo'nalishida, 32 nafari biologiya, geologiya, agrotexnologiya yo'nalishida hamda 14 nafari kimyo yo'nalishida ilmiy faoliyat olib borayotgan tinglovchilardir.

Tinglovchilarga 9 oy davomida III bosqichdan iborat dastur asosida darslar tashkillashtirilgan bo'lib, I bosqich – “General English” ya'ni tinglovchilarning bilim va ko'nikmalari mustahkamlab olindi. Bu bosqich 1-apreldan 30-iyunga qadar 3 oy davom etib, bunda ishtirokchilar haftasiga 2 marotaba 80 minutdan o'quv mashg'ulotlariga jalb qilindilar va o'zlashtirilgan materiallar asosida oraliq imtihonlarini topshirdilar. Imtihon jarayoni 2 hafta davomida tashkillashtirilib ishtirokchilarning ingliz tilida Writing, Listening, Reading va Speaking ko'nikmalari sinovdan o'tkazildi.

II bosqich – “Academic writing” bo'lib, ishtirokchilar 2-iyuldan 30-oktabrga qadar 4 oy davomida haftasiga 2 marotaba 80 minutdan ma'ruza va amaliy hamda qo'shimcha ravishda 2 soatdan konsul`tativ amaliy mashg'ulotlarga jalb qilindilar. Shuningdek, ishtirokchilar ilmiy maqolalar tayyorlash bo'yicha kichik guruhlarda shug'ullandilar. Aytish joizki, maqolalarni tayyorlash va unga munosib jurnallarni tanlab olish mas'uliyatli jarayon bo'lganligi sababli, ishtirokchilar ushbu bosqichda faol qatnashgan holda ijobiy natijalarni qo'lga kirita boshladilar. Bu jarayonlarga 6 nafar pedagog-mutaxassislar jalb qilinib, ushbu bosqichning natijalari bo'yicha ishtirokchilar tomonidan jami ingliz tilida 50 dan ortiq maqola, 39 ta tezis nashr qilinib, 8 nafar ishtirokchi xorijiy davlatlarda ilmiy-amaliy malaka oshirish dasturlarida qatnashish huquqini qo'lga kiritdilar.

III-bosqichda tinglovchilar – “Grants and Scholarships” bo'yicha 1-noyabrdan 20-dekabrgacha 2 oy davomida ko'nikmalarni mustahkamlashdi. Unda ishtirokchilar o'zlarining ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish bo'yicha xalqaro grant dasturlariga arizalar topshirish bilan mashg'ul bo'lib, bu yo'nalishda turli soha vakillari kichik guruhlarga ajratilgan holda har bir mashg'ulot uchun kamida 2 tadan xalqaro grant dasturlarini izlab topish va unga kerakli bo'ladigan hujjatlarni tayyorlash bo'yicha amaliy mashg'ulotlarga jalb qilindilar. Bu bosqich yakunlari bo'yicha tibbiyot, iqtisodiyot va ijtimoiy gumanitar soha, muhandislik yo'nalishlarida faol bo'lib, bir nechta grant dasturlariga arizalar topshirildi.

Tinglovchilar uchun muntazam ravishda, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar hamkorligida amaliy mashg'ulot va ma'ruzalar tashkil etildi. Jumladan, yuqori impakt faktorga ega xalqaro jurnallarga ilmiy maqolalarni tayyorlash va taqdim etish bo'yicha xalqaro darajadagi iqtisodchi olim PhD. Rauf Salaxodjaev bilan onlayn trening tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun har oyda 20 marotaba “Springer Nature" vakillari Irina Aleksandrova va Viktor Kutsiy tomonidan maqolalarni yozish va «yirtqich» jurnallar to'g'risida ma'lumotlar bilan ulashdi. Ilmiy bazalar bilan ishlash yo'nalishida “Clarivate Analytics” kompaniyasi xalqaro eksperti Laziza Mukasheva, i-Edu Group rahbari Ulug'bek Mirzalimov, Proofreading yo'nalishda AQShning Ogayo Davlat universiteti mutaxassislari Carter Hall va Holly Hall, hamda grant loyihalarga topshirish bo'yicha Erasmus+ Milliy ofisi vakili Qudratxon Bahodirov kabi ekspertlar bilan ham amaliy mashg'ulot va seminarlar tashkil etildi.

O'zbekistonlik tadqiqotchi olimlar English for Science 2021 loyihasining yil yakunlari bo'yicha akademik ingliz tilidan o'z bilim va ko'nikmalarini oshirishga muvaffaq bo'lgan 200 nafar ishtirokchilar tomonidan shu paytga qadar xalqaro jurnallarda 229 ta maqola chop etildi, xalqaro konferentsiyalarga 183 ta tezislar yozildi, xalqaro grantlarga 100 ta ariza topshirildi.

Shu o'rinda ta'kidlash joizki, loyihaning yakuniy natijalarini sarhisob qilish uchun ishtirokchilarga shartnomaga muvofiq 2022-yilning 31-mart sanasiga qadar imkoniyat taqdim etildi.

Bugungi kunda O'zbekistonda ilm-fanning turli sohalarida 17 000 dan ortiq tadqiqotchi-olimlar borligini hisobga olgan holda, loyihani yanada kengaytirish imkoniyatlari mavjud. Ushbu loyiha “Scopus” va "Web of Science" xalqaro ilmiy ma'lumotlar bazalarida indekslanadigan ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalarda O'zbekistonning ulushi sezilarli darajada ijobiy tomonga o'zgarib, 2030-yilgacha bo'lgan davrda ilm-fanni rivojlantirish kontseptsiyasida belgilangan maqsadli ko'rsatkichlarga erishishga xizmat qiladi.

Joriy yilda ham mazkur dastur o'z ishini davom etadi. endilikda “English for Science” loyihasini nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda pilot dasturi ko'rinishida o'qituvchilar malakasini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, dasturni masofaviy o'qitish tizimi orqali tashkil etish maqsadida elektron platforma ham yo'lga qo'yiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться