Qoraqalpog‘istonda investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirishning yangi tizimini joriy qilish ishlari davom etmoqda
Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining barcha hududiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimi va uni joylarda joriy etishning amaliy jihatlari bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqishning yangi mexanizmlari, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish ob'ektlarining monitoringini olib borish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlash jarayonida vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qildilar.
Hududda tashkil etilgan hamda vazifalari ishga solinmagan iqtisodiy salohiyatni tahlil qilish, tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan loyiha guruhlarining faoliyati o‘rganildi.
Tuman va shahar bo‘linmalari xodimlari aniq holatlar va loyihalar misolida biriktirilgan hududlarda yangi tizimni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar va o‘z faoliyati davomida yuzaga kelgan bir qator muammolarni tilga oldilar. Har bir holat atroflicha ko‘rib chiqildi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga esa zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, muhokama davomida qatnashchilar u yoki bu tumanning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yangi tizimni samarali qo‘llash bo‘yicha o‘z g‘oya va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar va joylarda ishlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi