O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nobel mukofoti laureati o'zbekistonlik yoshlar uchun ma'ruza qildi
2022-01-07 | Yoshlar
Joriy yilning 6-yanvar kuni Nobel mukofoti laureati, Nagoya universiteti professori Hiroshi Amanoning onlayn ma'ruzasi bo'lib o'tdi. Hiroshi Amano yorqin va energiya tejamkor yorug'lik manbalaridan foydalanish imkonini beradigan samarali yorug'lik chiqaradigan diodlarni ixtiro qilgani uchun 2014-yilda fizika bo'yicha Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan.
Ma'ruza Nagoya universiteti hamda O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida tashkil etildi. «LEDlar bilan dunyoni yoritish» mavzusidagi ushbu ma'ruzada talabalar, o'qituvchilar, soha vakillari ishtirok etdi.
–Bugun yoshlarga professor Amano o'zining 14 yillik tajribasi, sohaga qanday kirib kelgani haqida gapirib berdi. Xususan, professor Nobel mukofoti laureati bo'lishiga sabab bo'lgan izlanishi yuzasidan ham atroflicha ma'lumot berdi, – dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi bosh direktori Olimjon To'ychiev, – Amano suhbat davomida olib borgan izlanishlarida bir yarim ming marta muvaffaqiyatsizlikka uchragani, ammo shunda ham izlanishlarda davom etganini aytdi, bu yoshlarimizga ulkan motivatsiya bo'ladi, deb hisoblayman.
Ma'ruzada, shuningdek, bugungi kun uchun dolzarb va qiziqarli bo'lgan masalalarga ham to'xtalib o'tildi. Xususan, elektromobillar borasida ham so'z yuritildi. Hiroshi Amano hozirda mavjud elektromobillardan bir necha marotaba samarali yangi avlod elektr mobillar ustida ish olib borayotganini aytdi.
Tadbirda Nagoya universiteti prezidenti Seychi Matsuo o'z nutqi bilan ishtirok etib, bu kabi ma'ruzalar kelgusida ko'plab tashkil etilishi haqida aytib o'tdi. So'ngra Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turobjonov mavzuning dolzarbligi xususida ma'lumot berib, bu kabi hamkorliklar ikki davlat o'rtasida istiqbolli loyihalarga poydevor bo'lishini ta'kidladi.
Professor Hiroshi Amano ma'ruzasi yoshlar tomonidan zo'r qiziqish bilan tinglandi. Tadbir so'ngida mavzu yuzasidan atroflicha fikr mulohazalar bildirildi. Nobel` mukofoti laureati yoshlarning ko'plab savollariga javob berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi