O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ilmiy va innovatsion sohalardagi hamkorlik mamlakatning global iqtisodiy makondagi nufuzini oshiradi

2022-01-06 | Innovatsiya

Shiddat bilan yangilanayotgan zamonda ixtirolar, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion g'oyalar, texnik ishlanmalar va ularni tijoratlashtirish o'ta muhim sanaladi. Aynan ularning ko'lami va sifati raqobatbardosh, daromadi yuqori mahsulotlar yaratishga xizmat qiladi. O'z navbatida, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish mamlakat ilmiy salohiyati darajasini belgilaydi.

Ilmiy ishlanma va texnologik yangiliklar jamiyat hayotining barcha jabhalarini bog'lovchi mexanizmga aylanayotgan hozirgi davrda mazkur sohalarda hamkorlikni kengaytirmay turib, jahon bozorlarida raqobatbardoshlikka erishib bo'lmaydi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ham ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish va ilg'or xorijiy tajribalarni joriy etish maqsadida Germaniya, AQSh, Qozog'iston, Avstriyadan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar maslahatchi sifatida jalb qilindi.

Fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadidaXitoy, Rossiya, Hindiston, Belarus`, Qirg'iziston, Tojikiston hamda MDH bilan hukumatlararo bitimlar imzolandi hamda Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Koreya, AQSh, Turkiya, Yaponiya va barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan, shuningdek, BMT, Jahon banki, YuNESKO, ShHT, Islom taraqqiyot banki, Evropa iqtisodiy komissiyasi, MDH va boshqa tashkilotlar bilan yaqindan aloqalar o'rnatilgani ham soha rivojiga xizmat qilmoqda.


Xorijiy hamkorlikdagi  ilmiy loyihalar

Ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikda xorijiy mamlakatlar bilan amalga oshirilayotgan qo'shma ilmiy loyihalarning o'rni katta. Qo'shma loyihalar ikkala tomonning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Isroil, Turkmaniston, eron, Belarus`, Rossiya, Vengriya va EAPI (Evroosiyo ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash uyushmasi) bilan hamkorlik doirasida 2022-2023-yillarda yuzdan ortiq xalqaro tadqiqot loyihasini moliyalashtirish rejalashtirilgan bo'lib, ular qishloq xo'jaligi va texnika kabi ahamiyatli sohalardan tortib, sun'iy intellekt va gen muhandisligi kabi zamonaviy yuqori texnologiyalarni qamrab oladi.

Vazirlik tomonidan e'lon qilingan fundamental loyihalar tanlovlariga qo'yilgan talablardan biri xorijiy ekspertlarni loyihaga hamrahbar etib jalb qilishdir. Xorijdagi nufuzli universitet va ilmiy markazlarda faoliyat ko'rsatayotgan, loyiha mavzusi yo'nalishida muhim natijalarga erishgan,  Xirsh indeksi 5 va undan yuqori bo'lgan etakchi olim hamrahbar sifatida belgilanishi tadqiqotlarning yanada sifatli bo'lishini ta'minlamoqda. Masalan, Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi va Rossiyaning Kurchatov instituti o'rtasida uzumning yangi navlarini yaratish bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, genom axborotlari asosida uzum selektsiyasi uchun yangi avlod texnologiyalari yaratiladi.

Doktorantura, stajyor-tadqiqotchilik va malaka oshirish ilmiy faoliyatning ajralmas qismidir. Joriy yilda falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun 1 800 kishi qabul qilingan bo'lib, bu 2019-yildagi ko'rsatkichdan 65 foiz ko'proqdir. Vazirlik tomonidan bu yo'nalishda ham xalqaro aloqalar kengaytirilmoqda. Xususan, Vengriya, Rossiya, Belarus` va Turkiya bilan hamkorliklar natijasida o'zbekistonliklar uchun xorijda 150 taga yaqin maqsadli kvota ajratilishiga kelishilgan.

Izlanishlarning natijalari nafaqat O'zbekiston, balki dunyo hamjamiyati uchun ham ahamiyatli bo'lishi zarur. Bunday xalqaro darajani ta'minlash maqsadida mamlakatimizdagi yosh olim va mutaxassislar xorijiy davlatlarga borib, ularning tajribasini, infratuzilma hamda yutuqlarini o'rganishadi. Aytish joiz, 2019-2020-yillarda 231 nafar yosh olim AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belarus`, Janubiy Koreya kabi 21 ta davlatga yuborildi.

2021-yilda  barcha sohalar bo'yicha 37 nafar yosh olim etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborildi. 2022-yilda caralab olingan 161 nafar nomzodning yuborilishi rejalashtirilgan.

 

STARTAP ЕKOTIZIMI YANGILIK YARATISHDA MUHIM BOSQICH

Butun dunyoda innovatsiya va startap bir-biri bilan chambarchas bog'liq atamalarga aylangan. Startaplar bilan bugun abstrakt g'oyalarni haqiqiy mahsulot va xizmatlarga aylantirish mumkin va bunda ilm-fanning o'rni katta.

Startap loyihalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida birgina 2021-yil davomida jami 4 ta tanlov e'lon qilingan bo'lsa, ularning 2 tasi qo'shma xalqaro startap loyihalar tanlovi ekani ahamiyatli. Bular Rossiya Federatsiyasi Innovatsiyalarni rag'batlantirish jamg'armasi hamda Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovlardir. Bugungi kunga qadar 10 ga yaqin loyiha uchun O'zbekiston tomonidan qariyb 8 milliard so'm ajratilgan bo'lib, natijada axborot texnologiyalari, sog'liqni saqlash va boshqa sohalardagi mahsulot va xizmatlar yaratilgan.

Har yili onlayn formatda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Startap forumi bo'lib o'tadi. Joriy yilda Hindiston tomonidan onlayn formatda uyushtirilgan forumda startaplarning o'zaro ko'p tomonlama hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan plenar sessiya, seminar, tajriba almashish uchun ma'lumotlar bazasi, etakchi hind inkubatorlari bo'ylab virtual turlar tashkil etildi.

Ilm-fan va ishlab chiqarishni bir-biri bilan bog'lashda muhim bo'lgan texnologik parklar faoliyatini yo'lga qo'yishda Turkiya, Vengriya va Xitoy bilan yaqin aloqalar o'rnatilgan. Xususan, O'zbekistondagi eng yirik texnopark — “Inno” menejmentiga Turkiyaning eng yirik texnologik parklaridan biri bo'lgan “Yildiz” muassasasi mutaxassislari jalb qilingan. Texnoparklarda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqish bilan bir qatorda tayyor texnologiyalarni xorijdan olib kirish, ya'ni transfer qilish amaliyotidan ham foydalanilyapti. Shu o'rinda Slovakiya bilan hamkorlikda o'pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatlari ishlab chiqarish texnologiyalari joriy qilinganini yodga olish o'rinlidir. O'zbekistonga investitsiya olib kirish va yangi yuqori qiymatli ish o'rinlarini yaratish bilan birgalikda, ushbu texnologiyaning transferi koronavirus infektsiyasi og'ir ahvolga olib kelgan vaziyatlarda ko'plab insonning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Yana bir misol. Isroildan sun'iy yo'ldosh orqali suv quvurlarini o'rganish va raqamlashtirish texnologiyasi transfer qilindi. Natijada Toshkent shahrining o'zida 3 760 ta suvning sizib chiqishi nuqtalari aniqlandi va deyarli 5 milliard so'm zararning oldi olindi.

Ilmiy faoliyat davomida laboratoriya jihozlari va qurilmalari hamda muntazam ravishda reagent, reaktiv va boshqa xomashyolar talab etiladi. Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida Germaniyaning “LMS Consult” va “Medeg Warenhandels” kompaniyalari bilan hamkorlik o'rnatilib, maxsus omborxona va ilmiy-tadqiqot institutlariga xizmat ko'rsatuvchi laboratoriya tashkil etilmoqda. Bu soha olimlari faoliyati uchun ko'plab qulayliklarni tuhfa etadi.

Albatta, har qanday ilmiy loyihani amalga oshirish katta mablag' talab qiladi. Bunday vaziyatda mamlakatimizdagi ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirish manbalarini diversifikatsiya qilish muhim sanaladi. Buning uchun vazirlik xususiy sektor va xorijiy sarmoyalarni jalb qilib kelmoqda.

O'zbekiston va Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan qo'shma grantlar, shuningdek, yosh olimlar almashinuvi natijasida koronavirus pandemiyasi boshlanayotgan davrda Innovatsion rivojlanish vazirligi COVID-19 ga qarshi kurashda katta hamkorlik dasturini amalga oshirishga kirishdi. Xususan, dori-darmon, test tizimlarini o'rganish bo'yicha tadqiqotlar qilindi. Ayni kezda vaktsina yaratish va undan foydalanish loyihasini ishlab chiqish zaruriyati yuzaga keldi. Bu davrda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazining Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti bilan hamkorligi yo'lga qo'yilib, “Zhifei Longcom Biopharmaceutical” farmatsevtika kompaniyasi bilan sanoat hamkorligi boshlandi.

Ilg'or texnologiyalar markazi hamda Sohliqni saqlash vazirligi  Virusologiya instituti olimlari tomonidan olib borilgan  ilmiy-tadqiqot va tashkiliy ishlari tufayli Xitoy O'zbekistonni hammuallif sifatida tan oldi va vaktsinaga ZF-UZ-VAC2001 nomini berish to'g'risida qo'shma qaror qabul qilindi. Bu yutuq mamlakatimizga o'z vaktsinasiga ega davlatlar qatoriga kirish imkonini berdi.

Xitoylik hamkorlar ishtirokidagi loyihalardan yana biri Xitoy Fanlar akademiyasi hamda Shinjon fizika va kimyo institutining to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalari hisobiga amalga oshirilib, mamlakatimizda dorivor o'simliklarni sintez qiluvchi va yiliga 36 million dollarga teng miqdorda farmatsevtika mahsulotlari uchun qayta ishlangan xomashyo tayyorlovchi korxonadir.

Shuningdek, ilm-fanni moliyalashning istiqbolli yo'nalishlaridan biri sifatida venchur moliyalashtirish belgilandi va dastlabki ustav jamg'armasi 15 milliard so'm bo'lgan milliy venchur fondi tashkil etildi. Ushbu jamg'arma yuqori texnologiyaga asoslangan kichik korxonalarni moliyalashtirish, ularni kengaytirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Koreya sanoat texnologiyalari instituti bilan mis sanoatiga texnologiyalar transferi, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ilm-fan va innovatsiya bo'yicha o'zaro hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yildi. Toshkent shahrining Bektemir tumanida 400 gektar maydonda “Smart-siti” barpo qilish uchun ham ushbu mamlakatning yirik kompaniyalari jalb qilinyapti. Buning uchun Janubiy Koreya hukumatining “Aqlli shaharsozlik” dasturi doirasida grant mablag'lar ajratiladi.

O'zbekiston ulkan ilmiy salohiyatga ega mamlakat. Mazkur yo'nalishidagi xalqaro hamkorlik imkoniyatlarimiz yanada kengayishiga, yuqori marralarga erishishimizga xizmat qiladi. Ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlik yangi ish o'rinlari yaratilishi, aholi farovonligini oshishiga, mavjud iqtisodiy va ijtimoiy muammolar bartaraf etilishiga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga yo'l ochishi kerak. Buning uchun aloqalar o'rnatilgan mamlakatlarning rivojlangan soha va tarmoqlariga ko'proq e'tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz. Misol uchun, Rossiya, Italiya va Chili bilan uzumchilik va vinochilik sohasida hamkorlik kengaytirilsa, Hindiston bilan biotexnologiya va urug'chilik sohasi rivojlantiriladi. Qardosh turk xalqi bilan barcha sohalarda aloqalar kengayib borayotganiga qaramay, texnoparklarni rivojlantirish va axborot xurujiga qarshi kurashish ustuvor yo'nalishlardan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizning global iqtisodiy makondagi nufuzini yuksaltirishda ilmiy va innovatsion sohalardagi xalqaro hamkorlikning ahamiyati katta. Qolaversa, bu boradagi ishlar global innovatsion indeks ko'rsatkichlari yuqorilashiga ham xizmat qiladi. Ilg'or innovatsion texnologiyalar esa milliy iqtisodiyotimizning samaradorligi va mehnat unumini oshiradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться