O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda dzyudo bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkaziladi
2022-01-05 | Sport
8-25-yanvar kunlari poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi.
"JAR" sport sog‘lomlashtirish majmuasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma mashg‘ulotlarda Rossiya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlati terma jamoalari ishtirok etadi. Shuningdek, Chechenistondan ham dzyudochilarning kelishi kutilmoqda.
Ushbu xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini ishtirokchi davlat terma jamoalariga 2022-yilgi dzyudo mavsumi uchun ilk tayyorgarlik bosqich vazifasini o‘tab beradi. Bu yil qit’amiz dzyudochilarini Xitoyda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlari, dunyo sportchilarini esa aynan Toshkent shahri mezbonlik qiladigan jahon chempionati kutib turibdi. Ushbu yig‘in dzyudochilarga qisqa ta’tildan so‘ng yuqori sport formasiga kirib olishdagi dastlabki qadam bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi