O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikaning eng yaxshi AGTKS, AGQS va AYoQS aniqlandi
2021-12-30 | Turizm
Turizm va sport vazirligida “Eng yaxshi AGTKS, AGQS va AYoQSlarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda Toshkent viloyati, Toshkent shahar hamda Respublika miqyosida aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish stansiyalari qatnashdi.
Tadbirda Bosh vazir o’rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, infratuzilma obyektlarining sanitar-gigiyenik holatini yaxshilash bo’yicha har bir hududda monitoring olib borgan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizga turistlar oqimining ortganligi munosabati bilan turistlar tashrif buyuradigan obyektlar va avtomagistrallar bo‘ylarida hozirgi zamon talablariga to‘liq javob beradigan hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay va to‘siqsiz foydalanish imkoniyatlari yaratilgan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish va ishga tushirish zaruriyati tobora dolzarb masalaga aylanib borayotganligi bois sohani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan turizm va sport vaziri 2017-2021 yillar mobaynida respublika bo‘yicha 6,2 mingdan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalari hozirgi zamon talablari asosida yangidan qurilib, qayta taʼmirlanganligi hamda joylardagi umumiy holat bir muncha yaxshilanganligini alohida qayd etib o’tdi.
“Respublikamizning deyarli barcha hududlarida Hukumat qarorlariga asosan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, mahalliy hokimliklarga namuna sifatida ko‘rsatish uchun 2-3 tadan, jami 30 ga yaqin namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari barpo etilib, davlat ijtimoiy sheriklik shartlari asosida foydalanishga topshirildi. Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida yo‘lbo‘yi hamda turistik infratuzilmalardagi holat ko’rsatkichi o’tgan davrga nisbatan (2019 yil holatiga qamrov 20%ni tashkil etgan) 4-5 barobar (hozirgi vaqtda 90 %) ga oshdi. Jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida (AGTKS) 96 %, avtomobillarga gaz quyish (AGQS) va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalarida (AYoQS) 85 foizdan yuqori bo’lishiga erishildi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun mazkur stansiyalar hududida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qatorida asosiy faoliyat turidan tashqari aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish maskanlari barpo etish, wi-fi zonalari tashkil qilish orqali foydalanuvchilar oqimini kengaytirish imkoniyatlari ham yaratilgan. Biroq, respublika bo‘yicha 600 dan ortiq yoqilg‘i quyish stansiyasi, xususan, yangi qurilganlarining aksariyati talabga hali ham javob bermasligi ayni haqiqat. Koronavirus pandemiyasi va mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, turizm sohasini qayta tiklash hamda tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yangi infratuzilma obyektlarini barpo etish bilan cheklanib qolmasdan ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishga ham intilishimiz zarur”, - deya taʼkidlab o‘tdi Aziz Abduhakimov.
Jumladan, Turizm va sport vazirligi Infratuzilma obyektlarining sanitar-gigiyenik holatini yaxshilash bo‘limi boshlig’i Muhayyo Hayitova boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan mazkur yo’nalishda har bir hududdagi 450 ga yaqin AGTKS, AGQS va AYoQSlar ko’zdan kechirildi. Ularning 186 tasida kamchiliklar aniqlangan bo‘lsa, 146 tasida tegishli Hukumat qarorlarida belgilangan talablar bajarilmaganligi sababli kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar faoliyatini qisqa muddatga to‘xtatish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan quyidagi AGTKS, AGQS va AYoQSlar g’olib deb topildi hamda Bosh vazir o’rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan taqdirlandi:
Toshkent viloyati bo‘yicha:
-“TATNEFT – AZS – TASHKENT” MCHJ – “Eng yaxshi AYoQS” (avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyasi);
-“MEGA MAGISTRAL OIL” MCHJ – “Eng yaxshi AGTKS” (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi);
-“FRONZEN GAS” MCHJ – “Eng yaxshi AGTKS” (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi).
Toshkent shahri bo‘yicha:
-“TATNEFT – UNG” MCHJ QK – “Eng yaxshi AYoQS” (avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyasi);
-“SARVAR GAZ SERVIS” MCHJ – “Eng yaxshi AGQS” (avtomobillarga gaz quyish stansiyasi);
-“ARENA INT PETRO AND CHEMICAL” MCHJ – “Eng yaxshi AGTKS” (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi).
Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ham ular ichidan eng yahshi AGTKS, AGQS va AYoQSlar aniqlandi:
-“IBR PETROLIUM STATION” MCHJ – O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha xizmatlar turi va sifatini yana-da rivojlantirayotgan “Eng yaxshi AYOQS”;
-“SOF XIZMAT KO‘RSATISH KOMPLEKSI” MCHJ – jahon standartlari asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan “Eng yaxshi AGTKS”;
-“YANGI METAN GAZ” MCHJ – qaror talablari ijrosiga sidqidildan yondoshgan “Eng yaxshi AGTKS”.
Ma’lumot o’rnida, 2020 yildan buyon, Vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida hududlardagi “Eng yaxshi AGTKS”, “Eng yaxshi AGQS” va “Eng yaxshi AYoQS”larni aniqlash, taqdirlash bilan birgalikda “Quality service” sertifikati berish ham yo‘lga qo‘yilgan edi. Mazkur tadbirlar avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalari tomonidan ijobiy kutib olindi hamda ular o‘rtasida ijobiy maʼnodagi raqobatni yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi natijasida aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish sifatining yanada oshishiga olib keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi