O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Istanbul” texnoparki delegatsiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi
2021-12-30 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov taklifiga ko'ra “Istanbul” texnoparki Bosh menejeri Bilal Topchu boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. 28-dekabr kuni Vazirlik binosida o'zbek va turk tomonlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Tomonlar O'zbekistonda inkubatsiya markazlari va texnoparklarni rivojlantirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va qo'shma inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Qayd etish kerakki, joriy yilning dekabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirining Turkiya Respublikasiga tashrifi amalga oshirilgan bo'lib, tashrif doirasida “Istanbul” texnoparki Bosh direktori va asoschisi Metin erbakan bilan uchrashuv bo'lib o'tgan edi. Shuningdek, tashrif davomida O'zaro anglashuv memorandumiga Qo'shimcha bitim imzolangan bo'lib, bitimga ko'ra turk tomoni O'zbekistonda texnologiyalarni rivojlantirish zonasini tashkil etish bo'yicha o'z tajribasi bilan o'rtoqlashadi.
Turk delegatsiyaci Toshkentdagi INNO Texnopark, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yashnobod texnoparki, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi ofisi, Ilg'or texnologiyalar markazi imkoniyatlari va salohiyati bilan yaqindan tanishdi, vazirlikning respublika hududlarida texnoparklar qurish dasturi, jumladan, Sirdaryo viloyatidagi loyihasi muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent shahri va respublika hududlarida inkubatsiya markazlari va texnoparklarni rivojlantirish, ularning faoliyatini boshqarish, tajriba almashish, “Istanbul” texnoparki rezidentlarini O'zbekistonga jalb qilish, texnologiyalar transferi va qo'shma inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish bo'yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
“Istanbul” texnoparki 1987-yilda 2,5 mln m2 maydonda tashkil topgan, Turkiyada bugungi kunda mavjud 87 ta texnologiya rivojlantirish tashkilotlari orasida eng yirigi hisoblanadi. Mazkur texnoparkda 407 nafar rezident bo'lib, ular orasida mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan STM, Aselsan, TAI, TEI, Roketsan, BMC, Yaltes, S2Tech kabi nufuzli harbiy-texnik va ilg'or innovatsiyalarga ixtisoslashgan kompaniyalar mavjud. Bundan tashqari texnopark tarkibida 85 ta inkubator, texnologik transfer markazi, mudofaa, aerokosmik texnologiyalar, tibbiyot sohalaridagi 4 ta ilmiy-texnik klaster faoliyat yuritmoqda.
So'nggi 10 yilda texnopark tomonidan 2 570 ta milliy loyiha amalga oshirilib, 987 ta ilmiy ishlanma yaratilgan, 265 ta patent olinib, 7 655 nafar tadqiqotchiga ilmiy-texnik ko'mak ko'rsatilgan hamda 317 mln dollarlik eksport qilingan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi