O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuksak g‘alabalarga e’tibor va e’tirof orqali erishiladi
2021-12-30 | Sport
Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov 2021-yilning eng yaxshi sportchilari, deb topildi.
Eski yilni kuzatish, yangi yilni qarshilash ostonasida turibmiz. E’tiborlisi, 2021-yilning quvonch va tashvishlari, shov-shuv va hayajonlari, kutilgan va kutilmagan natijalari, eng avvalo, mamlakatimiz sport sohasida ko‘proq ro‘y berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zotan, yil mobaynida kechiktirib o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalarini qo‘lga kritish, bevosita o‘yinlarda qatnashish, jahon va qit’a chempionatlarida ko‘zlangan natijalarga erishish, barcha-barchasi yil davomida minglab sport ishqibozlari qatori, sportchi-yu murabbiylar, keng sport jamoatchiligining qiziqish orbitasida turdi. Vakillarimiz jahon maydonlarining shohsupasiga kutarilib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaltirganda quvonchli hayajonini yashira olmadi, mag‘lub bo‘lganda go‘yoki o‘zlari yutqazgandek, hasrat chekdi.
Bu to‘yg‘ularning barchasi biz – bir jamoa, biz birdam va hamjihat ekanligimizdan, bir maqsad – Yangi O‘zbekiston tamoyli atrofida jipsligimizdan, aslida.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport tizimida ham yil yakunlarini sarhisob qilish, Vatan dovrug‘ini doston etgan, o‘z salohiyatni namoyish etganlarni e’tirof etish, ularni munosib rag‘batlantirish doimiy an’ana tusini olgan.
Bu yil ham shunday bo‘ldi. Poytaxtimizdagi “Xilton” mehmonxonasida “Uzbekistan Sport Awards – 2021” taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va boshqalar yig‘ilganlarni qutlab, o‘tayotgan yilda yurtimiz sportchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlarning ahamiyati xususida to‘xtalishdi. “2021-yil Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari yili” bo‘lganligini e’tirof etishdi.
Xususan, shu kunlarda Polshaning Varshava shahrida tezkor shaxmat bo‘yicha o‘ztayotgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini, jahon chempionlarini mag‘lub etib, chempionlik tojiga ega chiqqanligi o‘zbek sportining yangi-yangi g‘alabalari, yangi-yangi nodir iste’dodlari yildan-yilga ortib borayotganligidan dalolatdir.
Bunday yutuqlar Tokiodagi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida, sport turlari bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatlarida, I MDH o‘yinlarida, nufuzli musobaqalarda ham bardavom bo‘lganligi keyingi xalqaro sport musobaqalariga mustahkam zamin tayyorlanayotganligidan nishona.
Yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbir davomida taniqli sportchilar, murabbiylar, sportimiz faxriylari so‘zga chiqib, ushbu g‘alabalarning, muvaffaqiyatlarning zaminida davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan alohida e’tibor, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yotganligini ta’kidlashdi.
O‘tayotgan yilda mamlakatimiz sportchilari jahon miyosidagi sport tadbirlarida shu kungacha 600 tadan ziyod medallar shodasini qo‘lga kiritgan. Shundan 5 tasi olimpiya o‘yinlari, 200 taga yaqini jahon chempionatlari, qolgani nufuzli turnirlar, qit’a chempionatlariga tegishli yutuqlar hisoblanadi.
Ular orasida Bahodir Jalolov(boks), Akbar Jo‘rayev(og‘ir atletika) va Ulug‘bek Rashitov(taekvondo) sazovor bo‘lgan to‘rt yillikning eng yirik sport anjumani Tokio olimpiadasidagi oltin medallar boshqalaridan e’tiborliroq, albatta.
Ayniqsa, og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayevning 2021-yilda ham olimpiada, ham jahon chempioni maqomiga ko‘tarilishi, olimpiya rekordini yangilashi dunyo sportida kamdan kam uchraydigan hodisa, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, shu paytgacha dunyo sportida bir yilda ham olimpiada, ham jahon chempionatida zafar quchgan sportchilar barmoq bilan sanarlidir. Xususan, og‘ir atletikada faqat gruziyalik Lasha Talaxadzegina shu nomga erishgan sportchi sanaladi.
2021-yilning eng yaxshi sportchisini aniqlash uchun muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov, maxsus komissiya a’zolarining ovoz berishi va sport jurnalistlarining tanlovi natijasida Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov “2021-yilning yang yaxshi sportchilari”, deya topildi.
Aniqroq aytganda, muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” – boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov, deb topildi. Respublika komissiyasi xulosasiga hamda sport jurnalistlarining ovozi natijasida “Yilning eng yaxshi sportchisi” O‘zbekiston milliy kubogi g‘olibligi og‘ir atletika bo‘yicha olimpiya o‘yinlari g‘olibi va jahon chempioni Akbar Jo‘rayevga nasib etdi.
Shuningdek, Ulug‘bek Rashitov “Yil kashfiyoti”, uning murabbiyi Pavel Xan “Yil murabbiyi”, Elbek Sultonov “Yilning eng matonatli erkak sportchisi”, Nurxon Qurbonova “Yilning eng matonatli ayol sportchisi”, Sardor Abduxalikov “Yilning eng yaxshi paralimpiya murabbiyi”, Nigina O‘ktamova(boks) “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi”, Kamronbek Qadamov(erkin kurash) “Yilning eng yosh sportchisi”, Asila Mirzayorova “Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi”(qizlar), Boburjon Omonov “Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi”(o‘g‘illar) kabi 30 ta nominatsiya bo‘yicha sovrindorlar aniqlanib, ular munosib taqdirlandi.
Sportchi-murabbiylar, sport jamoalarining vakillari, keng sport jamoatchiligi jam bo‘lgan davrada munosiblar bilan suratlarga tushildi. Keyingi yillarda xam Vatanimiz sha’nini xalqaro musobaqalarda munosib himoya etishlari yo‘lida ezgu tilaklar bildirildi. Ko‘ngillar shod bo‘ldi. Muhimi, 2021-yil mamlakatimiz sport hayotida o‘ziga xos yorqin zarvaraqlarga boyligi bilan ajralib turganligi, erishilgan natijalar aholi jipsligini, bir maqsad atrofida hamjihat bo‘lish tamoyillariga sobitligimizni ko‘rsatdi.
Yana bir ahamiyatli jihati, marosim davomida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri Alimurod Mamadaminov “Yilning eng faol fotomuxbiri", “Sport” teleradiokanali jurnalisti Shafoat Tolibjonova “Yilning eng faol sport jurnalisti”, MY5 telekanali sport sharhlovchisi va bloger Hilola Isoqova “Yilning eng faol blogeri” nominatsiyalari sohiblari bo‘ldi.
Bundan tashqari, ko‘p yillar sobiq Davlat sport qo‘mitasi raisi bo‘lgan, hozirda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitovning “Sport sohasidagi ko‘p yillik xizmati uchun” taqdirlanishi, Buxoro tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabining “Yilning eng faol sport maktabi”, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining “Yilning eng yaxshi terma jamoasi”, deya e’tirof etilishi soha taraqqiyotini yangi g‘alabalar sari ilhomlantirishi, shijoat bag‘ishlashi shubhasiz.
E’tirof etmoq lozimki, belgilangan nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib, deb topilganlarning har biriga 10 million sum pul mukofoti, maxsus kubok tantanali topshirildi.
Yilning eng yaxshi sportchilari bo‘lgan Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolovga 10 ming AQSH dollari sertifikati hamda maxsus kubok taqdim etildi.
Muhimi, yakunlanayotgan yil bizni kelgusi yili Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga, 2024-yilgi Parij olimpiadasiga, 2025-yili Toshkentda tashkil etiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a o‘yinlariga, o‘nlab jahon va qit’a chempionatlariga yanada yaqinlashtirmoqda. Nufuzli musobaqalardagi g‘alabalarga esa e’tibor va e’tirof orqali erishiladi. Bunda, soha rivoji yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotganlarga e’tibor, ularni rag‘batlantirish muhim omil hisoblanadi. Demak, yangi g‘alabalar, uning ortidan keladigan g‘urur va iftixor karvonlari, Yangi O‘zbekistonning Yangi muvaffaqiyatlari oldinda.
Manba: O'zA