Joriy yilning 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov mamlakatimizning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan yil yakunlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik sohasida erishilgan natijalarni muhokama qildi.
Diplomatlar joriy yilda har bir alohida olingan mamlakat bilan siyosiy-diplomatik, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etdilar hamda kelgusi yil uchun har bir yo‘nalishdagi ustuvor vazifalari va rejalari bilan bo‘lishdilar.
Faoliyatning yaqin istiqboldagi umumiy maqsadi jadal iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, mamlakatimiz investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, milliy iqtisodiyotimizning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini yanada kengaytirish uchun xalqaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lishi lozimligi ta'kidlandi.
Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalarining import o‘rnini bosuvchi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, ularni amalga oshirishga xorijiy investorlarni jalb etish hamda tarmoq birlashmalari va hududiy ma'muriyatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishda ishtirokini faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Shuningdek, 2022-yil yakunlariga ko‘ra eksport ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirish maqsadida diplomatik vakolatxonalarning milliy eksportni rag‘batlantirishdagi ishtirokini kengaytirish dolzarbligi qayd etildi. Bunga tashqi bozorlar kon'yunkturasini chuqur o‘rganish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bo‘lajak mijoz kompaniyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tashqi savdodagi turli xil to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, shuningdek, sanoat va hududiy korxonalarning qo‘shimcha eksport zaxiralarini safarbar etish orqali erishish mumkinligi ta'kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga jalb etilayotgan moliyaviy, texnik va grant yordamining hajmini oshirish maqsadlarida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donorlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini hal etishda diplomatlarning roli qayd etildi.
Diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga xalqaro hamkorlik sohasida, xususan, O‘zbekistonning 2020-yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi hamda boshqa xalqaro va mintaqalararo tashkilotlarda ishtirok etishi doirasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Muhokama yakunida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish bilan bog‘liq muayyan masalalar ko‘rib chiqildi va mas'ul rahbarlarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi