Norvegiya Qirolligining Oslo universiteti O‘zbekistonda tibbiy ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, hususan, tibbiyot sohasida ilmiy – intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy – innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda stomatologiya va yuz – jarrohligi ilm – fanni muntazam isloh qilib borish, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash respublika oliy ta'lim muassasalari oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ilm – fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali xorijiy davlatlar yetakchi oliy ta'lim muassasalari (OTM) va ilmiy markazlarini va yurtimizning ta'lim muassasalari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda uning doirasida loyihalarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Elchixona tashabbusi va ko‘magi bilan Norvegiya Qirolligining Oslo universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti rahbariyatlari orasida muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasida ilmiy – tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishning barqaror tizimi yaratilganligi, mamlakatimizda OTM ilmiy laboratoriyalari va ilmiy - tadqiqot muassasalari moddiy – texnik bazalari takomillashtirilayotgani, respublika miqyosidagi ilmiy – texnik va ekspert kengashlari shaklidagi ko‘p tarmoqli ilmiy – tashkiliy infratuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shu bilan bir qatorda, Oslo universitetining nufuzli Xalqaro QS reytingida 102 o‘rinni egallashining asosiy omili – ilmiy tadqiqotlar natijadorligi va yosh iqtidorli izlanuvchilar uchun yaratilgan innovasion infratuzulma orqali erishilganligi haqida norvegiyalik mutahassislar taqdimot o‘tkazishdi.
O‘tkazilgan tadbir davomida O‘zbekiston va Norvegiya oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama ilmiy – tadqiqot faoliyatini tashkil etish, yosh mutahassislar salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan salmoqli ishlar amalga oshirish haqida kelishuvga erishildi.
Hususan, 2022-yil fevral – iyun oylarida iqtidorli talabalar va magistrlar uchun masofaviy ma'ruzalar tashkil etish, stomatologiya va yuz – jag‘ jarrohligi yo‘nalishida tahsil olayotgan doktorantlarga Oslo universiteti bazasida 3 oylik ilmiy stajirovka o‘tishlari uchun sharoitlar yaratish, norvegiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda 2022-yil fevral – mart oylarida «Tibbiyot sohasidagi O‘rta Osiyo olimlari va mutafakkirlarini jahon sivilizatsiyasi rivojlanishidagi o‘rni» xalqaro konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha yo‘l haritasi ishlab chiqildi.
Prezidentimizning sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusida bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayoni ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan.
Yuqorida o‘tkazilgan tadbirlardan kutilayotgan asosiy maqsad mamlakatimiz OTM ilmiy – tadqiqot yo‘nalishlarini jahon talablari asosida tashkil etish, ilm – fan sohasiga bilimli, salohiyatli va yosh kadrlarni jalb qilish, mamlakat ilmiy salohiyatini rivojlantirish va xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish.
Manba: Toshkent Davlat Stomatologiya Instituti