O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Baliqchilik oziq-ovqat sanoatining muhim tarmogʻi
2021-12-28 | Iqtisodiyot
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 20-dekabrda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bu boradagi ishlarning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazilishi mazkur sohaning mamlakat oziq-ovqat sanoatida ulushi qay darajada ekanligi koʻrsatib berdi.
Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasida moliyaviy masalalar hal qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda kamchiliklar saqlanib qolayotganiga eʼtibor qaratdi. Koʻrsatilgan muammolarni bartaraf etish, oʻz hududida zarur oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxirasini shakllantirish va narxlar barqarorligini taʼminlash barcha darajadagi hokimlarning diqqat markazida boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
— Dunyoda oziq-ovqat narxlarining oʻsishi, inflyatsiya xavf-xatarlari kelgusi yilda oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala boʻlib qolishini yaqqol koʻrsatyapti. Shu bois, viloyat hokimlari oʻz hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish boʻyicha tizimli shugʻullanishi zarur, — dedi Prezident.
Oʻtgan besh yilda mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻida umumiy qiymati 2,2 trillion soʻmlik 1016 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshib, joriy yilda 400 ming tonnaga yetkaziladi. Baliq isteʼmol qilish hajmi 2016-yilga nisbatan 5,7 barobarga oshdi.
Koʻpgina viloyatlarida hosildorlik haligacha gektariga 3-4 tonnani tashkil etayotgani, ushbu hududlarda intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan sunʼiy havzalarni intensivlashtirish, tarmoqda klasterlar va kooperatsiya tizimini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Mazkur tarmoqni rivojlantirishda innovatsion rivojlanish vazirligi xam oʻz xissasini qoʻshib kelyapti. Jumladan joriy yilda Jizzax viloyatining Doʻstlik innovatsion tumanida “Shertrade” MCHJ amalga oshirilish rejalashtirilgan umumiy qiymati 2,3 milliard soʻm boʻlgan “Baliq mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash” startap loyihasi innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida mahalliy sharoitda baliqchilik uchun xom ashyo tayyorlash, baliqdan olinadigan texnologik mahsulotlarning yangi namuna, assortimentlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, sanoatni innovatsion texnologiyalarining ixchamlashtirilgan tarmoqlarini shakllantirish ishlari amalga oshirilishi bilan bir qatorda viloyatimiz aholisi bilan bir qatorda qoʻshni viloyatlarga xam sifatli A,B,E vitaminli baliq yogʻi hamda hosila texnologik mahsulotlar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, jahon talablariga javob beradigan yuqori sifatli milliy brend yaratilib, mahsulotlarni xorijga eksport qilish imkoniyati, mahsulotlarni onlayn bozor va yetkazib berish tizimi ham joriy etiladi. Loyihani amalga oshirish orqali Jizzax viloyati doʻstlik tumanida yangi baliqchilik klasteri yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, tumandagi “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarning bandligi taʼminlashi ortidan, ishsizlik darajasi sezilarli darajada pasayadi. Jami 30 nafar yangi ish oʻrinlari yaratiladi va mahsulotning sotilishi hajmiga qarab mazkur raqam progressiv oʻsib boradi.
Tarmoqqa yangi va innovatsion texnologiyalar jalb qilinishi ortidan, sohada oʻzgarishlar paydo boʻladi va yangi bilim hamda koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlar yetishib chiqadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi