O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2021-12-25 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalarini mustaqil hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablag‘larni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida:

1. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga 2022-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilsin:

ta’lim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash;

talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;

o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;

professor-o‘qituvchilar shtat birliklarini kiritish me’yorlarini ishlab chiqish;

o‘z mablag‘lari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;

xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni mualliflik huquqi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish;

bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash; 

avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilash.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari quyidagilarni nazarda tutuvchi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi:

barcha ta’lim yo‘nalishlari va bosqichlari bo‘yicha bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdori hisoblab chiqiladi;

davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida bir talabaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib belgilanadi;

davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun byudjet mablag‘lari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolanadigan bitim asosida ajratiladi (bundan maqsadli mablag‘lar, shu jumladan, stipendiya to‘lovlari, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi uchun qonunchilikda belgilangan mablag‘lar, oliy ta’limdan keyingi ta’lim xarajatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida ajratiladigan boshqa mablag‘lar mustasno);

davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari (bundan maqsadli mablag‘lar mustasno) oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va hisobot davri oxirida mablag‘larning qoldig‘i oliy ta’lim muassasasi ixtiyorida qoldiriladi;

davlat buyurtmasi sifatida ajratilgan mablag‘lar hamda to‘lov-kontrakt mablag‘lari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasi tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi vazirlik va idorada ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda ulardan foydalanish Byudjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi uchun belgilangan tartibga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi. Bunda, moliya yili davomida daromadlar va xarajatlar smetasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar Moliya vazirligi bilan kelishilmaydi;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib, biroq oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash, istiqbolda rivojlantirish hamda ta’lim xizmatlari bozoridagi o‘zaro raqobat asosida belgilanadi.

4. Belgilansinki, moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida:

asosiy vositalarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi –elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin mazkur oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni (bundan yer, bino, inshootlar, jumladan, operativ boshqaruvga berilgan bino va inshootlar hamda o‘quv-ilmiy laboratoriya jihozlari mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar to‘lig‘icha o‘z ixtiyorida qoldiriladi;

moliyaviy nazorat tadbirlarini xolisona va mustaqil o‘tkazadigan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil etiladi;

mablag‘larning sarflanishi yuzasidan yuqori turuvchi vazirlikka (idoraga) har chorakda belgilangan tartibda hisobot beriladi;

Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar, xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tasarrufidagi mablag‘lar, moddiy boyliklar va mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar o‘z rasmiy veb-saytlariga muntazam joylashtirib boriladi;

mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish, jumladan, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va stipendiya to‘lovlarini o‘z vaqtida hamda to‘liq amalga oshirish uchun javobgarlik tegishli oliy ta’lim muassasasi rahbari zimmasiga yuklanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4391-son qaroriga asosan o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga berilgan vakolat va huquqlar ushbu qarorga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilsin. Bunda:

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan byudjet mablag‘larini oluvchi davlat tashkiloti hisoblanadi;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati oliy ta’lim muassasasi tomonidan ta’lim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, biroq tegishli yo‘nalish bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari kesimida qabul shartlarida to‘lov-kontrakt qiymati tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.

6. Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida quyidagilar kuzatuv kengashlarining asosiy vakolatlari etib belgilansin:

oliy ta’lim muassasasining uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

oliy ta’lim muassasasining o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

oliy ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati bo‘yicha rektor va prorektorlar faoliyatini o‘rganish hamda axborotini eshitish;

oliy ta’lim muassasasining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat o‘tkazish uchun qo‘shimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;

oliy ta’lim muassasasini rivojlantirish va uning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal etish, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishida maqsadli kapital jamg‘armasini shakllantirish;

ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarining innovatsion va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi va yo‘nalishlarini mustaqil belgilash;

oliy ta’lim muassasasi rahbari va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

oliy ta’lim muassasasi hamda ular huzuridagi ta’lim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq to‘lash miqdori
va samaradorlik mezonlariga asoslangan rag‘batlantirish tartibini mustaqil belgilash;

oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan, xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash.

7. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda uch oy muddatda davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun elektron shartnomalar tuzish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish xarajatlarini onlayn to‘lash va mablag‘lar hisobini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – Axborot tizimi) ishlab chiqsin hamda Moliya vazirligi va Markaziy bankning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

Belgilansinki, Axborot tizimiga ulanish idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha davlat oliy ta’lim muassasalari uchun majburiy hisoblanadi.

Axborot tizimini amaliyotga joriy etish, qo‘llab-quvvatlash va oliy ta’lim muassasalariga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish vazifasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markaziga yuklatilsin.

8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘ysunuvida oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

xalqaro moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda 2022 yil yakuniga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarida bozor mexanizmlariga asoslangan biznes jarayonlarini joriy etish, ularni xususiylashtirish, ular faoliyatiga korporativ boshqaruvni joriy etish hamda to‘liq moliyaviy mustaqillik berish orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

oliy ta’lim muassasasi hamda bitiruvchilar o‘rtasida uzviy aloqa o‘rnatish, ularning kelgusi professional faoliyati, erishgan yutuqlari va tajribalarini o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borish, ular bilan talabalar o‘rtasida aloqa o‘rnatish, mahorat darslari tashkil etish yuzasidan zarur choralar ko‘rsin. Bunda, bitiruvchilarning kelgusida erishgan yutuqlari oliy ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi;

oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining fuqarolarga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish qamrovi va sifatini oshirish, ta’lim jarayonini ilg‘or oliy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka muntazam ravishda hisobot berib borishini ta’minlasin.

9. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga ularning klinikalarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, kapital va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun o‘zlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘lar sarflashga ruxsat berilsin.

10. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

davlat oliy ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga muvofiq soliq to‘lashdan ozod etilganligi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etilishi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qo‘llanilishi.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6318-son Farmoni 3-bandida nazarda tutilgan bojxona bojidan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz o‘quv hamda ilmiy laboratoriya jihozlari, maxsus asbob-uskunalar, o‘quv, ilmiy-metodik adabiyotlar, o‘qitishning texnik vositalari, multimedia mahsulotlarini olib kiruvchi barcha yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda bojxona bojidan ozod qilinadigan tovarlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari xarajatlarini “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali onlayn monitoring qilish imkoniyatini yaratsin. Bunda, xarajatlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklar bo‘yicha “tahlika-tahlil” tizimini yo‘lga qo‘ysin;

oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan ajratmalarning Moliya vazirligi axborot tizimi orqali avtomatik tarzda o‘tkazilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

13. Milliy teleradiokompaniya Milliy axborot agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritishga doir maxsus media-reja ishlab chiqsin hamda uning ijrosini ta’minlasin.

14. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Moliya vazirligi bilan birgalikda bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdori asosida moliyalashtirish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni.

15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-iyul va 2023-yil 1-yanvarga qadar axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2021-yil 24-dekabr

Manba: O'zA

Поделиться