O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Uzbekistan GTL” – cho‘l bag‘ridagi gigant korxona
2021-12-25 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrif buyurdi.
Bu joy atigi bir necha yil oldin quruq cho‘l edi. Qisqa vaqtda bu yerda gigant korxona, kimyo klasteri qad rostladi. Uning qurilishi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib keldi. Prezidentimiz 2017-va 2018-yillarda bu yerga kelib, jarayon bilan yaqindan tanishgan edi. Oxirgi yillardagi pandemiya sharoitida ham ish to‘xtovsiz davom ettirilib, zavod bugun qurib bitkazildi.
Shavkat Mirziyoyev majmua bo‘ylab yurib, texnologiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Zavod ham qiymati, ham miqyosiga ko‘ra ulkan. Uning qiymati 3 milliard 420 ming AQSh dollari, binolar maydoni 135 gektar. Qurilishda bir vaqtning o‘zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchilar qatnashgani bu yerda naqadar keng ko‘lamli ishlar bajarilganini ko‘rsatadi.
Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan, xolos.
Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda tayyorlangan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatilgan. Texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qo‘llash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olingan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob.
Zavod yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega. Yana shunday texnologik imkoniyat borki, majmua beshta rejimda ishlay oladi. Qaysi mahsulotga ko‘proq buyurtma bo‘lsa, shunga moslashib, o‘sha tovar hajmi oshiriladi.
Prezident mutasaddilarga geologik qidiruv ishlarini chuqurlashtirib, bu yerdagi zavodlar uchun xomashyo zaxirasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
- Bu tarmoqda hali rejalarimiz ko‘p. Ularga kafolatlangan xomashyo kerak. Ilgari konni topdik - sotdik. Hozir o‘zimizda qayta ishlab, xalqimizga manfaat keltirishga harakat qilayapmiz. Kelajakda bu yerdagi mahsulotlarga talab oshib boradi. Dunyo «yashil iqtisodiyot»ga o‘tayapti. Shuning uchun yangi geofizik uskunalardan foydalanib, geologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday ulkan inshootning ishlashi uchun, albatta, katta hajmda energiya zarur. Zavodda bu borada mustaqil tizim barpo etilgan. Ya’ni, ish jarayonida hosil bo‘ladigan bug‘dan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi olinadi. Bu orqali zavod o‘zini o‘zi elektr bilan ta’minlaydi. Shuningdek, yaqindagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va endi quriladigan korxonaga ham quvvat yetkazib beradi. Buning evaziga tejalgan elektr energiyasi xonadonlar va tadbirkorlarga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari zavodning boshqaruv markazida bo‘ldi. U yerda ishlab chiqarish, monitoring va xavfsizlikni ta’minlovchi butun tizim boshqarib boriladi. Uni amerikaning Honeywell korporatsiyasi treningida malaka oshirgan yoshlarimiz ishlatmoqda.
- Zamonaviy bilimlarni egallab, chet tillarini o‘rganib, xorijda tajriba oshirib, mana shunday korxonada ishlayotganingizni ko‘rib, juda xursandman. Bilimingiz - eng katta boyligingiz. Mana, hozir qoraqalpog‘istonlik operator yigit bilan gaplashdim: oyligim 15 million so‘m dedi. Bunday yoshlarimiz ko‘payishini istardim. Buning uchun boshqa tengdoshlaringizni ham ilmga, hunarga undab, ortingizdan ergashtiring.
Toshkent, Navoiy, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasterini tashkil etishni boshlaganmiz. Ularda kim ishlaydi? Sizlarga o‘xshagan o‘zimizning qorako‘zlar, - dedi Prezident ular bilan suhbatda.
Zamonaviy laboratoriya, texnik suv ta’minoti inshooti ham ko‘zdan kechirildi.
Zavod atrofida ishlab chiqarishni satellit asosida rivojlantirish, ishchilar uchun uy-joylar, sport va madaniyat maskanlari qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti