O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida

2021-12-23 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan ushbu muhim sohaga doir qarorlar ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Mamlakatimizda so‘nggi besh yilda muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tashabbusi va bevosita rahbarligida madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarning ijrosi qat'iy bajarilishi nazoratga olingan bo‘lib, hozirda moddiy madaniy meros yodgorliklarini har tomonlama asrab-avaylash, ularning qadimiy tarixiy qiyofasini tiklash va restavratsiya qilishga qaratilgan keng miqyosli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

2021-yil oktyabr' oyidagi holatga ko‘ra respublika miqyosida 8210 ta madaniy meros obekti davlat muhofazasiga olingan. Ulardan 4778 tasi arxeologiya yodgorligi, 2267 tasi arxitektura, 625 tasi monumental san'at yodgorliklari va 530 tasi diqqatga sazovor joylardir. Tashkiliy-huquqiy tasnifga ko‘ra ularning 7832 tasi davlat, 378 tasi xususiy mulk maqomiga ega.

Joriy yilning 20-oktyabridagi statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish maqsadlari uchun 2021-yilda 2015-yilga nisbatan qariyb 10 barovar ko‘p - 73 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hozirgi vaqtga qadar 84 ta ob'ektda (majmualarda) restavratsiya-tiklash tadbirlari amalga oshirilgan, ayrim ob'ektlarda ishlar davom etmoqda.

Ta'kidlash lozimki, birinchi navbatda mamlakatimizning boy madaniy merosini kelajak avlod uchun asrab-avaylash, shuningdek, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mamlakatimizning turizm salohiyatini yuksaltirishga, sayyohlik xizmati tarmog‘ini kengaytirib, yondosh sohalarda ham iqtisodiy o‘sishni ta'minlashda ijobiy samara bermoqda.

Ahamiyatlisi, so‘nggi 5 yilda moddiy madaniy meros ob'ektlarining davlat kadastri hujjatlarini tizimli shakllantirish va rasmiylashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda.

2016-2021-yillarda 95% madaniy meros ob'ektlarining kadastr hujjatlari tayyorlangan bo‘lib, bu bevosita ushbu maqsadlar uchun 7,65 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishining natijasidir. Davlat kadastri yagona tizimiga 7 382 (89,9%) ta madaniy meros ob'ekti to‘g‘risidagi ma'lumotlar kiritildi.

Nomoddiy madaniy meros elementlarining 5 ta yo‘nalishi bo‘yicha Milliy ro‘yxatiga 69 ta element, mahalliy ro‘yxatga 901 ta element, Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ob'ektlari ro‘yxatiga 4 ta element, 7 ta element Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Arxiv muassasalarida saqlanayotgan 16,5 mln.dan ortiq noyob hujjatlar o‘zbek xalqi moddiy-ma'rifiy hayotining tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy qadr-qiymatga va ahamiyatga ega bo‘lgan va doimiy to‘ldirib boriladigan tarixiy hujjatlar majmui hisoblanadi.

Shu bilan birga, yig‘ilganlar tomonidan “Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining bajarilishini tashkil etish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar jiddiy tanqid ostiga olindi.

Jumladan, muhokamalar doirasida madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy mas'uliyatini oshirish, sohada jamoatchilik nazorati mexanizmlarini faol tatbiq etish, nomoddiy madaniy meros elementlarini saqlab qolishni takomillashtirish masalalariga e'tiborni yanada kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.

Muhokamalar yakunida moddiy va nomoddiy madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari belgilab olindi.

Xususan, Moddiy madaniy meros ob'ektlari davlat kadastri  va Arxeologik ashyolari davlat katalogini yuritishning belgilangan tartibiga qat'iy rioya etilishini ta'minlash, shuningdek, moddiy madaniy meros ob'ektlarini inventarizasiyadan o‘tkazish va elektron dasturga kiritish, nomoddiy madaniy merosni hujjatlashtirish ishlarini yakunlash bo‘yicha soha mas'ullariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
 
Shuningdek, Madaniyat vazirligi tizimidagi nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha mas'ul bo‘linma tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va bo‘linmaning vakolatlari, huquq va majburiyatlarini davr talablariga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha ham vazifalar qo‘yildi. Ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, nomoddiy madaniy meros sohasidagi tadqiqotchilar ro‘yxatini shakllantirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borishga alohida e'tibor qaratilishi lozimligi qayd etildi.
 
Shu bilan birga, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlaridagi yirik arxeologik ob'ektlarda doimiy (stasionar)  tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda sohaga oliy ta'lim muassasalari talabalarini ixtisoslik amaliyoti tartibida qazuv ishlariga keng jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Majlis yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarori qabul qilindi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
 
Ushbu chora-tadbirlar amaliy ijrosining ta'minlanishi mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash, jamiyat va davlat tomonidan ajdodlarimiz merosiga hurmat va g‘amxo‘rlik, mas'uliyat bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalash, shuningdek, ichki va xalqaro turizmning tegishli yo‘nalishlarini kengaytirish va ommalashtirish uchun qo‘shimcha imkon yaratish bilan birga respublikaning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться