Joriy yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Eron Islom Respublikasining iqtisodiy ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti M.Rezaiy bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) sammiti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammiti davomida ikki Davlat rahbarlarining o‘zaro muloqotlari O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada faollashtirishga turtki berganini, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilishga sodiqligini ta'kidladilar.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik sohasiga e'tibor qaratib, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, farmasevtika, elektrotexnika, kimyo va yengil sanoat sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta'kidladilar. Yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlarni topish yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zaro savdo sohasiga alohida e'tibor qaratildi. O‘zbekiston-Eron savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Jumladan, joriy yilning yanvar'-noyabr' oylarida o‘zaro savdo hajmi 74,4 foizga oshdi. Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yaqin kelajakda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi