O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkaziladi
2021-12-22 | MDH
Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ishtirokchilarining Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Kengashning 2022-yildagi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish haqidagi axboroti tinglandi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda navbatdagi MDH o‘yinlarini o‘tkazilish joyi va sanalariga ham aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, II MDH o‘yinlari 2023-yilda Belarusda, III MDH o‘yinlari esa 2025-yilda Ozarbayjonda o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, birinchi MDH o‘yinlari joriy yil 4-11-sentabr kunlari Qozon (Rossiya) shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari ma’lum sport turlari bo‘yicha MDH chempionatlari, birinchilik va kuboklarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Hamdo‘stlik shafeligida MDHga a’zo davlatlarda sport musobaqalarini o‘tkazish amaliyoti mavjud, ammo bunday musobaqalarni o‘tkazish huquqini berishning yagona tartibi, ularning tashkilotchilariga qo‘yiladigan talablar va o‘tkazish shartlari belgilanmagan.
Kengash yig‘ilishida MDH o‘yinlarini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhga 1 yil — 2022-iyungacha sport sohasi bo‘yicha MDH chempionatlari (birinchilik, kuboklari) to‘g‘risidagi Nizom loyihasini ishlab chiqishni topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi