O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global standart joriy etilmoqda
2021-12-21 | Iqtisodiyot
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagani bo‘yicha qabul qilish o‘lchamlarini (The Food Insecurity Experience Scale – FIES) joriy qilishga doir seminar tashkil etdi.
Seminarda ochlik va oziq-ovqat xavfsizligini baholash ushbu muammolarni hal qilish siyosatini ishlab chiqish va monitoring qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Oziq-ovqat xavfsizligining ta’minlanmaganini qabul qilish darajasi odamlarning oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq tajribasini baholash uchun global standart hisoblanadi. 2017 yilga kelib dunyo bo‘yicha 22 ta davlat o‘z uy xo‘jaliklari milliy tadqiqotlariga “FIES”ni kiritgan.
– Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagani bo‘yicha qabul qilish o‘lchamlari odamlarning oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini baholash uchun ishonchli ko‘rsatkichdir, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Ushbu tadqiqot oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishning boshqa ko‘rsatkichlariga qaraganda ancha tejamkor va milliy uy xo‘jaliklari uchun foydalaniladigan so‘rovnomalarga kiritish osonroq, deb hisoblanadi.
Seminarda, shuningdek, mutaxassislar “FIES” moduli asosida 2021 yil iyul-dekabr oylari uchun O‘zbekistondagi uy xo‘jaliklarining tanlanma so‘rovi natijalarining batafsil tahlilini taqdim etdi. Bundan tashqari, kelasi yilda uy xo‘jaliklari holatini o‘rganish jarayonlarida mazkur modulni yana tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, FAO BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning 21 ko‘rsatkichi, shu jumladan, 2.1.2 Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmaganini qabul qilish darajasi asosida aholining oziq-ovqat xavfsizligining o‘rtacha yoki og‘ir darajasi ko‘rsatkichi bo‘yicha ham mas’ul agentligi hisoblanadi.
B.Xudoyberdiyev
Manba: O'zA