O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vazirligi va NASSCOM assotsiatsiyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2021-12-21 | Jamiyat
Bugun, 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasining Hindiston dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi va servis kompaniyalarining Milliy assotsiatsiyasi vitse-prezidenti va rahbari Shivendra Singx bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos qatnashdi.
Uchrashuv chog‘ida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) va NASSCOM or‘tasidagi hamkorlik masalalari, xususan, hind tomonining “Future Skills Uzbekistan” loyihasida ishtirok etish, Revenue sharing prinsipi asosida IT Park rezidentlari bilan Hindiston kompaniyalarni tashkil etish, BPO-kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni har yili o‘tkazilayotgan NASSCOM Annual Technology Conference tadbirida ishtirok etish, NASSCOM kompaniya vakillari uchun O‘zbekiston biznes muhiti bilan tanishish va qo‘shma korxona barpo etish maqsadida biznes tur tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun:
Hindiston dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi va servis kompaniyalarining Milliy assotsiatsiyasi (NASSCOM) 1988-yilda barpo etilgan. Assotsiatsiyasining asosiy vazifalari IT kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, normativ-huquqiy jarayonlarni osonlashtirish, intellektual salohiyatini oshirish va kadrlar zaxirasini mustahkamlashdir.
Assotsiatsiya tarkibiga 3000 dan Hindiston IT kompaniyalari kiradi, ushbu kompaniyalar mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarning 90 foizini tashkil etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi