O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adliya vazirligi: raqamlashtirish - faoliyat ochiqligi va shaffofligining samarali vositasi

2021-12-17 | Texnologiyalar

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashabbusi bilan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “HILTON” mehmonxonasining anjumanlar zalida “Adliya sohasida raqamlashtirishni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida oflayn va onlayn rejimda o‘tkazilgan konferensiyada adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev ishtirok etib, adliya sohasini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Ko‘pchilikka maʼlumki, oxirgi yillarda O‘zbekiston hukumati barcha sohalarni to‘liq raqamlashtirish masalasiga jiddiy eʼtibor beryapti.

Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan. Strategiya asosida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini taʼminlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligida ushbu jarayon barcha faoliyat yo‘nalishlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida ancha oldindan boshlanganligini eʼtirof etish lozim.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Adliya vazirligi qariyb 50 ta yirik axborot tizimlari faoliyat yuritishini taʼminlamoqda.

Jumladan, vazirlik tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz), “Notarius” axborot tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlari portali (e-ngo.uz) va boshqa shu kabi yirik axborot tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Birgina Lex.uz saytiga har oy o‘rtacha 1,2 million foydalanuvchi tashrif buyurmoqda.

Bundan tashqari, Mahalliy ijro hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim fuqarolarimizning mahalliy norma ijodkorligi jarayonida faol ishtirokini taʼminlash, davlat boshqaruvi shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Adliya organlari va muassasalari, shuningdek, davlat xizmatlari maʼlumotlar bazalarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish orqali “Virtual adliya” tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Kadrlar xizmatining faoliyatini raqamlashtirishning mehnat munosabatlariga oid maʼlumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash hamda ish yuritishni avtomatlashtirish bo‘yicha “MinJust HR” avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilindi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini isloh qilish natijasida mavjud 700 dan ortiq davlat xizmatlaridan 162 tasi Markazlar, 267 tasi esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali interaktiv shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan oxirgi to‘rt yilda aholiga 40 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi, bunda fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini imkon darajada kamaytiradigan tizim yaratildi.

Umuman olganda, davlat organlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnomalarni talab qilish bekor qilindi, shu jumladan tahlil qilingan 18 turdagi maʼlumotlarni elektron hamkorlik orqali olish tartibi o‘rnatilganligi har yili qariyb 15 million dollar mablag‘ni iqtisod qilish imkonini berib,
12 million nafar (aholining 35%) fuqarolarning hayotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda, taʼkidlash joizki, Adliya vazirligi tizimida kuniga 70 mingga yaqin davlat xizmatlari zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan “License” tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga o‘tkazildi. Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga to‘liq o‘tilishi natijasida 1,5 million dollardan ziyod mablag‘, shuningdek, 3,5 million varaq qog‘oz iqtisod qilindi. Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili
100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi.

Bu kabi islohotlar Adliya vazirligi faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan qayta aloqani taʼminlashga, adliya organlari va muassasalari xodimlarining javobgarligi va ijro intizomini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Konferensiya davomida spikerlar o‘z maʼruzalarida Adliya vazirligining har bir yo‘nalishlarida, shuningdek, sud-huquq sohasi va davlab boshqaruvini raqamlashtirish ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan batafsil maʼlumot berishdi.

Tadbirda adliya organlari faoliyatida raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan holda bu jarayonni yana-da takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Поделиться