O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi KOICA bilan hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi
2021-12-17 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov KOICA Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Prezidenti Son X'yuk Sang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Konstruktiv muloqot rivojlanish sohasidagi ko‘p qirrali moliyaviy va texnik hamkorlikning hozirgi holatini har tomonlama ko‘rib chiqish imkonini berdi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda KOICA vakolatxonasi ochilganidan buyon qiymati 130 mln dollarga teng bo‘lgan 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, Koreyadagi o‘zbek mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq stajirovkalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, axborot texnologiyalari, kommunal xo‘jaligi, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa sohalarda KOICAning 600 dan ortiq ko‘ngilli-mutaxassislari O‘zbekistonda o‘z missiyalarini amalga oshirdi.
Joriy yilda ta'lim, axborot-kommunikatsiya sohasi, ekologiya va tibbiyot sohalarida boshlab yuborilgan grant loyihalarining amalga oshirilishi, shuningdek, Koreya Respublikasi Prezidentining 2019-yil aprel oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan va KOICA grant mablag‘larining 72 mln dollardan ziyodini O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etishni nazarda tutuvchi 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli Hamkorlik dasturini hayotga tatbiq etishda erishilgan yutuqlar muhokama qilindi.
Tomonlar Agentlik bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish salmoqli salohiyatga ega ekanini qayd etib, raqamlashtirish, kimyo sanoati, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, ko‘kalamzorlashtirish va virusli kasalliklar, jumladan, COVID-19 qarshi kurashish kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan maktabgacha va kasb-hunar ta'limi, raqamlashtirish, kimyo, tadbirkorlikni rivojlantirish, ekologiya, ko‘kalamzorlashtirish va cho‘llanishga qarshi kurashish, shuningdek sog‘liqni saqlash sohalarida yangi grant loyihalarini amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan loyihalar va dasturlarni ilgari surishni jadallashtirish borasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi