So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalarida bir qator jurnalistlar, mustaqil ekspertlar va blogerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga amalga oshirilgan eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha ushbu davlatlar statistika organlarining ochiq ma'lumotlarida tafovutlar borligi keng muhokama qilinmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun mas'ul vakolatli davlat organi sifatida ushbu vaziyat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan asosiy hamkor davlatlardagi bojxona xizmatlari bilan “onlayn” ma'lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda eksportga rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyasi tovarlar eksport qilinayotgan xorijiy davlatning bojxona xizmatida onlayn tarzda ko‘rinadi.
Bugungi kunda, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bojxona xizmatlari o‘rtasida to‘liq “onlayn” axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning natijasida tovarlar savdosida keskin tafovutlar vujudga kelishining oldi olinadi.
2. Joriy yilning yanvar oktyabr oylari yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston Respublikasiga 951,4 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lib, shundan tovarlar eksporti 830 mln dollar, xizmatlar eksporti 121,4 mln dollarni tashkil etgan.
Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra joriy yilning yanvar oktyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasidan 833 mln dollarlik import amalga oshirilganligi ko‘rsatilgan.
Ta'kidlash lozimki, Qozog‘iston Respublikasi davlat daromadlari qo‘mitasi tomonidan faqatgina tovarlar importi to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etilgan bo‘lib, bunda xizmatlar importi to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilmagan.
Shuningdek, joriy yilning yanvar'-sentyabr' oylari yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga 1 mlrd 463 mln dollarlik, jumladan 1 mlrd 209 mln dollarlik tovarlar va 254 mln dollarlik xizmatlar eksporti amalga oshirilgan.
Rossiya Federatsiyasining Federal bojxona xizmati ma'lumotlariga ko‘ra joriy yilning yanvar sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasidan 1 mlrd 170 mln dollarlik tovarlar importi amalga oshirilgan bo‘lib, xizmatlar importi hisobga olinmagan.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan tashqi savdo aylanmasidagi raqamlarga e'tibor beradigan bo‘lsak, bunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarida tovarlar va xizmatlar eksport hajmlari birgalikda aks ettirilgan.
Hamkor davlatlar (Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi) statistik ko‘rsatkichlarida esa faqat tovarlar hajmi ko‘rsatilgan. Demak, farq qilayotgan raqamlar hajmi xizmatlar eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi.
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mazkur mavzu bo‘yicha bildirilgan izohda ta'kidlanishicha tovarlar eksportidagi kichik tafovutlar asosan quyidagi holatlarda yuzaga kelishi mumkin:
- yuritiladigan tashqi savdo hisobi tizimidagi farqlar;
- tovarlar bojxona qiymatining baholash xususiyatlaridagi farqlar ya'ni, bojxona chegarasini kesib o‘tishi paytida bazis narxiga keltirilgan shartnomadagi tovarlar qiymati;
- tovarlarni hisobga olish vaqtidagi farqlar. Ya'ni, tashqi savdoda tafovutlar sababi vaqt bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, bir mamlakatdan dekabr oyining oxirida chiqib ketgan tovar hamkor davlatga import qilingan sanada (misol uchun, yanvar' oyida) bojxona statistikasida o‘z aksini topadi.
3. O‘zbekiston Respublikasida eksport amaliyotlari “nol'” foizli QQS stavkasi qo‘llanishi natijasida vujudga keladigan ortiqcha to‘langan QQS solig‘i eksportchi korxonaga o‘rnatilgan tartibda qaytarib beriladi.
Bugungi kunda eksportga yuklangan mahsulot uchun valyuta mablag‘lari to‘liq kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjatlar Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etilgan taqdirda QQS mablag‘lari qaytarib beriladi.
Eksportga rasmiylashtirilgan tovarlar respublika hududini kesib o‘tmagan taqdirda yoki qaytarib olib kirilgan holatda eksport sifatida aks ettirilmaydi.
Buning natijasida soxta eksport amaliyotlari orqali respublika byudjetidan QQS mablag‘larini noqonuniy ravishda qaytarib olishning oldi olingan.
Shu bilan birgalikda, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-avgustdagi PQ–5231-son qaroriga muvofiq oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta'minlab kelayotgan va eksport shartnomalari doirasida muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmagan intizomli soliq to‘lovchilarga valyuta mablag‘lari kelib tushmasdan oldin ham QQSni qaytarish tartibi joriy etilgan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashqi savdo amaliyotlari, eksportchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan tegishli tahliliy ma'lumotlar tayyorlash va maqolalar chop etishda jurnalistlar, mustaqil ekspertlar va blogerlar bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor ekanligini ma'lum qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi