O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muvaffaqiyat tarixi: Oʻzbekistonlik startap Islandiyadagi AppStore TOP-10taligi reytingida 2-oʻrinni egalladi
2021-12-17 | Innovatsiya
Hozirda texnologiyalar shunchalik tez oʻzgaryaptiki, 2030-yilga borib dunyo butkul oʻzgarib ketishi mumkin degan taxminlar qilinmoqda. Aynan shuning uchun ham dunyodagi barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar axborot texnologiyalari sohasiga katta eʼtibor qaratmoqda.
Oʻzbekiston ham bundan istisno emas, yosh startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlanmoqda, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga katta imtiyozlar berilmoqda.
Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qoʻllab-quvvatlab kelinayotgan startap loyihalaridan biri – toʻldirilgan reallikka asoslangan NazzAR mobil ilovasini yaratgan SmartChain IT kompaniyasidir. SmartChain 2018-yildan beri innovatsion texnologiyalar bilan shugʻullanib kelmoqda – toʻldirilgan reallik yoʻnalishida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Smartfon orqali NazzAR belgisiga yoʻnaltirilganda mobil qurilma ekranida real obyektlarning 3D shakllari, video roliklari, foto suratlar jonlanadi. Yurtimizda bugungi kunda NazzAR mobil ilovasining imkoniyatlari turizm sohasida, ayniqsa muzeylarda keng qoʻllanilmoqda. Samarqand shahridagi “Goʻri Amir”, “Bibixonim” maqbaralari, Ulugʻbek rasadxonasi, “Afrosiyob” muzeyi, “Elmerosi” ilmiy kiyimlar teatri, Davlat madaniyat tarixi muzeyi, Oʻlkashunoslik muzeyi, Asrorxoʻja ansambli, Xiva shahridagi “Ichan qalʼa”, Samarqand shahridagi Registon maydoni, Buxoro shahrida “Ark” va “Mohi xossa” tarixiy madaniy meros obyektlari, Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Abdulla Qahhor, Sergey Borodin, Muxtor Ashrafiy uy-muzeylari va boshqa tarixiy maskanlarda mazkur mobil ilova orqali eksponatlar haqidagi maʼlumotlarni yanada qiziqarli shaklda sayyohlarga yetkazish imkoniyati yaratilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi veb-sayti orqali vazirlik binosiga virtual sayohat, “InnoWeek-2021” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasidagi koʻrgazmaning virtual talqini ham aynan mazkur startap kompaniyasi faoliyati samarasidir. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida ham koʻplab toʻldirilgan reallik elementlari qoʻllanilgan. Vazirlik binosiga kiraverishda mehmonlarni virtual gidning kutib olishi, vazirlik binosidagi xonalar, laboratoriyalar haqida NazzAR mobil ilovasi orqali maʼlumotlarga ega boʻlish va hokazolar.
SmartChain kompaniyasi oʻz mahsuloti bilan bozorga kirib kelarkan, kompaniyaning yosh, isteʼdodli mutaxassislari NazzAR platformasini yaratish va rivojlantirish bilan bir qatorda isteʼmolchilarga uning imkoniyatlarini tushuntirish, targʻib qilish bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keldi.har bir yangi loyiha amalga oshirilarkan, isteʼmolchilarning NazzAR brendiga qiziqishi tobora oshib borar, unga talab kuchayardi.
Xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etish, yirik davlat idoralari bilan oʻzaro hamkorlik va IT-platformani rivojlantirish boʻyicha doimiy ishlar oʻz samarasini berdi – joriy 2021-yilda Islandiya kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
“Jamoamiz tomonidan xorijlik hamkorimiz uchun yangi, noyob mahsulot yaratildi va u UnoAR deb nomlandi. Mazkur toʻldiriligan reallik asosida ishlaydigan texnologiya SmartChainning eng yaxshi texnologik yechimlari va ishlanmalarini oʻzida mujassam etgan. Birinchi xorijiy mijozimiz elektronika sohasidagi yirik chakana sotuvchilardan biridir”, – deydi SmartChain IT kompaniyasi direktori Bobur Rahimov.
Oʻzbekistonda yaratilgan texnologiyaning xorijda tatbiq etilganiga bir necha oygina boʻldi, va yurtimiz startap kompaniyasi tomonidan yaratilgan mahsulot tobora ommalashmoqda. 2021-yilning 6-dekabr holatiga koʻra NazzAR platformasida qurilgan yechim Islandiyada yuklab olingan oʻz toifasidagi AppStore ilovalarining eng mashhur 10 taligi ichida 2-oʻrinni egalladi.
«Bu boshlanishi. Biz xalqaro maydonga endi qadam qoʻydik va yangi hamkorliklarga tayyormiz, – deydi SmartChain kompaniyasi rahbari.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi