O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
KOICA O‘zbekistondagi IT-Park salohiyatini oshirishga 4,5 million dollar grant ajratadi
2021-12-16 | Iqtisodiyot
Bugun, 16-dekabr kuni Seul (Janubiy Koreya) shahriga tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovning Koreya Respublikasining, Koreya Хalqaro hamkorlik agentligi prezidenti o‘rinbosari Im Chjon Xi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish doirasida axborot texnologiyalari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohasida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, startap ekotizimini va axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha Koreya texnoparklari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Koreya Respublikasining Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va O‘zbekiston Respublikasining Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (IT-Park), “O‘zbekistonda IT-Parkning barqaror rivojlanishi asoslarini shakllantirish va salohiyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha bir qator muhokamalar o‘tkazdilar.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida Koreya Respublikasining Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va O‘zbekiston Respublikasining Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (IT-Park), oʻrtasida “O‘zbеkistonda IT-Parkning barqaror rivojlanishi asoslarini shakllantirish va salohiyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha muhokama Bayoni imzolandi.
Bunga asosan KOICA O‘zbekistondagi IT-Park salohiyatini oshirishga 4,5 mln dollar grant ajratadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi