O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining majlisi to‘g‘risida
2021-12-13 | Siyosat
2021-yil 13-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildilar.
Siyosat va diplomatiya, iqtisodiyot va taraqqiyot, xavfsizlik, inson o‘lchovi, madaniy-gumanitar aloqalar yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari doirasidagi munosabatlar yuzasidan fikr almashildi.
AQShning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy va qat’iy pozitsiyasi yana bir bor tasdiqlandi. AQSh hukumati tomonidan O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidaamalga oshirilayotgan ishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ma’lum qilindi.
Tomonlar "C5+1" mexanizmi doirasidagi o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish va ushbu formatni salmoqli natijalarga erishish darajasiga olib chiqish lozimligini qayd etdilar.
Delegatsiyalar terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashish, Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakatni mojarodan keyingi tiklash va afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston-AQSh strategik sherikligini aniq yo‘nalishlar bo‘yicha institutsionallashtirish, shuningdek, Investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish hamda Ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish to‘g‘risida Bitimlar tuzish bo‘yicha muzokaralar jarayonini boshlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi