O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Olamni mahliyo aylagan diyor

2021-12-11 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan «Xalqlar do‘stligi» maydonida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon» shiori ostida tantanali bayram tashkil etildi.

1992-yil 10-dekabr tariximizga mustaqilligimizni mustahkamlash davrining muhim voqeasi sodir bo‘lgan kun sifatida kirdi. Ushbu sanada O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilindi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

Olimlar, shoir va yozuvchilar, san’at va madaniyat namoyandalari ishtirokidagi tantanali tadbir avvalida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraganda ozod Vatanimizga nisbatan qalbimizda faxr-iftixor hissi jo‘sh urishi, bu sado azmu shijoatli xalqimizning kuchiga kuch bag‘ishlab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga da’vat etishi xususida so‘zladi.

Darhaqiqat, har tongni madhiyamiz sadolari ostida qarshi olar ekanmiz, ko‘ngillarimiz yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka ishonch tuyg‘usi bilan to‘lqinlanadi. Madhiya yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimiz qalbida o‘z Vataniga sadoqat va muhabbat, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida muhim tarbiyaviy vosita hisoblanadi.

Tadbir doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorlikda o‘tkazgan «Mening farzandim – O‘zbekiston faxri» aksiyasi doirasida har bir hududdan aniqlangan 5 nafardan eng faol, intiluvchan g‘olib yoshlar hamda ota-onalari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Vatanim madhiyasini kuylayman» mavzusida tashkil etgan videolavhalar tanlovi g‘oliblariga ham mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning harbiy orkestrlari, professional xor jamoalari, estrada xonandalari ijrosidagi Vatanni tarannum etuvchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar, taniqli shoir tilidan yangragan she’rlar bayram shukuhiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida ma’naviy-ma’rifiy kechalar o‘tkazilmoqda. Tadbirlarni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining bo‘lim va bo‘linmalari muvofiqlashtirib bormoqda.

G. Nusratova

Manba: O'zA

Поделиться