O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yanada faollashadi
Joriy yilning 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri
S.Umurzakov O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, uning BAAdagi vakolatxonasi rahbariyati va xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi ishtirok etdi.
Ikki davlat o‘rtasida mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati, qo‘shma loyihalarning joriy etilishi va istiqbolli sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar ko‘rib chiqildi.
Birlashgan Arab Amirliklaridagi sheriklar bilan hamkorlikning samaradorligi hamda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda erishilgan ko‘rsatkichlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning ishga solinmagan salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida BAAdagi sheriklar bilan ishlash tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish hamda ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
O‘zbek va BAA tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan choralarni ko‘rish dolzarbligi alohida ta'kidlandi. Bu hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish uchun sharoit yaratish imkonini beradi.
Vazirlik va idoralar bilan birgalikda BAA bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha yaxlit strategiyani, shuningdek, aniq loyihalar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan 2022-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi