O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qilichbozlik bo‘yicha jahon kubogi sohiblari Toshkentda ma’lum bo‘ladi
2021-12-09 | Sport
Bugun, 9-dekabr kuni poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogi bahslariga start berildi.
Rossiya, BAA, Xorvatiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Isroil, Qirg‘iziston, Shveysariya, Ukraina, Turkiya, Polsha, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston va mamlakatimizning 260 nafardan ortiq sportchilari qatnashayotgan kubok musobaqalari 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida tashkil etilmoqda.
Musobaqalar qilichbozlikning shpaga, rapira va sablya yo‘nalishlarida yakkalik hamda jamoaviy tarzda bo‘lib o‘tadi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kubok dasturiga binoan bugun sportchilar rapira bo‘yicha yakkalik bellashuvlarida bahslashadi.
Ertaga, 10-dekabr kuni shpaga bo‘yicha yakkalik, rapira bo‘yicha jamoaviy musobaqalar, 11-dekabrda sablya bo‘yicha yakkalik, shpaga bo‘yicha jamoaviy hamda 12-dekabr kuni sablya bo‘yicha jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
Manba: O'zA