Mahalliy to‘qimachilik va charm – poyabzal mahsulotlari Yevropaning eng yirik savdo ko‘rgazma maydonlarida namoyish etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan mahalliy to‘qimachilik va charm-poyabzal korxonalari vakillari uchun Pol'sha, Italiya, Fransiya va Ispaniyada 1-11 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan biznes-tur boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston joriy yilning aprel' oyida Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefisiari maqomiga ega bo‘lishi natijasida mamlakatimizga taqdim etilgan imtiyozlardan samarali foydalanish, shuningdek, milliy mahsulot va brendlarni Yevropaning eng yirik bozorlariga olib chiqish maqsadida tashkil etildi. Ushbu maqom Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 6200 tovar pozisiyasini, shu jumladan, to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati mahsulotlarining keng assortimentini bojsiz import qilish huquqini beradi.
Biznes-tur doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekistonning 50 dan ortiq yirik tadbirkor va eksportchilari, Yevropaning 200 dan ortiq korxonalar, ishlab chiqaruvchilar va savdo kompaniyalari ishtirok etadilar.
Tur Varshava shahri (Pol'sha)dan boshlandi. Bu yerda 1-3 dekabr kunlari “Fast Textile” Yevropaning eng yirik to‘qimachilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi va unda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining 44 nafar o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini taqdim etadi.
Ta'kidlash joizki, hech qachon bir vaqtning o‘zida bu miqdordagi mahalliy korxonalar xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etmagan.
Biznes-tur doirasida navbatdagi tadbirlar Milan (Italiya) hamda Parij (Fransiya) shaharlarida tashkil etiladi. Bu yerda dunyoning eng yirik brendlari ishtirokida biznes-forum va “B2B” muzokaralari gibrid formatda tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoatidagi so‘nggi yutuqlar, Yevropa ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari hamda yirik brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Safarning yakuniy tadbirlari Ispaniyaning Barselona va Valensiya sanoat shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Bu yerda ham Ispaniya yengil sanoati vakillari bilan biznes-forum va ishbilarmonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Qo‘shma investitsiyaviy loyihalar va o‘zaro manfaatli savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarni nazarda tutgan holda biznes-tur O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va tarmoq assosiasiyalarining xorijiy ishbilarmon doiralari bilan hamkorligini chuqurlashtirishning samarali vositasi bo‘lishi kutilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi