O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gidroenergetika sohasidagi loyihalar ko‘rib chiqildi
2021-12-01 | Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni gidroenergetika sohasidagi loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika sohasi keng ko‘lamda rivojlantirilmoqda. Neft, gaz kabi uglevodorodlar bilan cheklanib qolmasdan, quyosh, shamol va suvdan elektr energiyasi olish inshootlari barpo etilmoqda.
Xususan, 2017-yilda Prezident farmoni bilan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 8 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada 244 megavattlik qo‘shimcha quvvat yaratildi.
Lekin, yurtimizning gidroenergetika salohiyati 50 foiz ishga solingan, xolos. Shu bois jami 740 megavatt quvvatli 21 ta yirik loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, kelgusi yilda 170 megavattli
7 ta, 2023-2024-yillarda 150 megavattli 12 ta hamda 2025-2026-yillarda 420 megavattli 2 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda ushbu inshootlarni sifatli qurish va barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari to‘g‘on talab etmaydigan kichik gidrostansiyalar qurish masalasiga alohida e’tibor qaratib, bunga xususiy sektorni jalb qilish kerakligini ta’kidladi.
Bugungi kunda 22 ta shunday istiqbolli maydon ro‘yxati shakllantirilgan. Ularda quvvati 5 megavattgacha bo‘lgan mini gidro elektr stansiyalar qurish bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.
Shuningdek, Norin, So‘x, Tanxoz, Oq buloq, Ugam kabi daryolar va kanallarda 500 kilovattgacha quvvatga ega ixcham gidrostansiyalar o‘rnatish imkoniyati bor. Tadbirda qayd etilganidek, bunday joylar ro‘yxati aholi va tadbirkorlarga e’lon qilinadi. Bunda quyosh, shamol elektr stansiyalari o‘rnatgani uchun aholi va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar berilgan bo‘lsa, kichik gidrostansiyalar uchun ham shunday imtiyoz va subsidiyalar qo‘llanilishi belgilandi.
Gidroinshootlarni ishlatish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Texnika, irrigatsiya va arxitektura yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida bunga alohida ahamiyat qaratish, ularda qurilish hamda gidravlik laboratoriyalar tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti