O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
3 mingdan ortiq neft va gaz quduqlari yagona ma’lumotlar bazasiga kiritildi
2021-11-30 | Jamiyat
Geologik tahlil. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mamlakatimiz yer qa’rini kompleks o‘rganish, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturlarining samarali bajarilishini ta’minlash kabi bir qator vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mamlakatimiz yer qa’rini kompleks o‘rganish, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturlarining samarali bajarilishini ta’minlash kabi bir qator vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizim ishini yanada takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir. Mazkur universitet tog‘-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yo‘nalishidagi malakali kadrlarni tayyorlashda mamlakatimizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda qo‘mita va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyati haqida so‘z bordi.
Unda so‘z olganlar geologiya sohasi uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan izlanishlar va kadrlar masalasi tahliliga e’tibor qaratdi.
– bugungi kunda qo‘mita tizimida 30 nafar fan doktori va 106 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda, – dedi Davlat geologiya qo‘mitasi Fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Qodirjon Mingboyev. – Joriy yilda olimlarimiz salohiyati va sa’y-harakatlari asosida respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturi doirasida jami 57 ta ilmiy-tadqiqot loyiha amalga oshirildi. Masalan, birgina uglevodorod xomashyo resurslari va zaxiralarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning 139 ta hisobot natijasi maxsus yagona koordinatalar tizimiga o‘tkazilib raqamlashtirildi hamda 3 mingdan ortiq neft va gaz quduqlari koordinatalari tekshirilib, yagona ma’lumotlar bazasiga kiritildi. Shuningdek, Chirchiq sanoat zonasi hududidagi yer usti va yer osti suvlarining ifloslanish darajasi xaritasi, Andijon va Namangan viloyatlari yer osti shifobaxsh-mineral va termal suvlari uchun qazib olish quduqlarining joylashuvi xaritasi tuzildi.
bugungi kunda Geologiya fanlari universiteti geologiya yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasadir. Ushbu oliy dargoh tarkibida H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti faoliyat yuritadi.
– Geologiya fanlari universiteti tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida joriy yil jami 72 nafar, xususan, 21 nafar tayanch doktorant hamda 51 nafar mustaqil izlanuvchi tahsil olishi va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoit yaratib berildi. Ularning 9 nafari dissertatsiyalarini himoya qildi. Jumladan, 3 nafar fan doktori hamda 6 nafar falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishlari himoyasi o‘tkazildi, – deya ta’kidladi Qodirjon Mingboyev.
H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti direktori Anvar Nurxo‘jayev ushbu muassasa salohiyati haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
– Institutimiz 1937-yilda tashkil topgan, – dedi A. Nurxo‘jayev. – Unda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boriladi. Fundamental izlanishlarda asosan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan fanning rivojlanish qonuniyatlarini yaratadigan ishlanmalar o‘rganiladi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu konsepsiya ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish bosqichlarini belgilab, sohaga oid maqsadli dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda katta ahamiyat kasb etadi. Ayni shu talablarga mos holda geologik va geofizik materiallarni tayyorlash natijasida neft va gaz sohasida Ustyurt, Buxora-Xiva, Farg‘ona, Surxondaryo neftgazlilik regionlari bo‘yicha 210 ta investitsion blok ajratildi. Ulardan 27 tasi eng istiqbolli hisoblanib, bu bo‘yicha geologik hujjatlar to‘plami tayyorlanganini alohida qayd etish zarur.
Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi qaroriga asosan Geoinnovatsion texnologiyalar markazini tashkil etish va rivojlantirish borasida ham vazifalar belgilangan.
Anjumanda Geoinnovatsion texnologiya markazi direktori Jahongir Mavlonov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
– Avvalo, markazni tashkil etishdan maqsad mutlaqo yangi laboratoriya-tahlil, texnologik ilmiy-tadqiqot va ta’lim majmuasini yaratish hamda ilg‘or jahon standartlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish asosida yer qa’rini geologik o‘rganish va o‘zlashtirish sohasida ishonchli tadqiqotlar o‘tkazishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yishdir. Markazni umumiy qiymati 16 million dollar miqdorida 1 ming 925 ta zamonaviy laboratoriya-tahlil, texnologik, maydalash va yordamchi uskunalar hamda inventarlar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. bugungi kun talablarini hisobga olgan holda, markaz faoliyatini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni chog‘da bu borada ham keng ko‘lamda o‘rganish ishlari olib borilayotir. Muhimi, ushbu muassasa Geologiya fanlari universitetining ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim kafedralari bilan uzviy bog‘liq holda “Ta’lim – ilm-fan – texnologiya – amaliyot” tamoyiliga asosan faoliyat yuritadi, – dedi J.Mavlonov.
Manba: O'zA