O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari

2021-11-27 | Jamiyat

O‘tgan so‘nggi yillar mamlakatimiz davlat boshqaruv tizimi, kadrlar siyosati masalalarida ham tub burilishlar, o‘zgarishlar, zamonga mos va xos tarzdagi yangilanishlar davri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi faoliyatini rivojlantirish, mamlakatimizda milliy va hududiy davlat va jamiyat tashkilotlari rahbarlari, kadrlari sifatini oshirish va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha ulkan amaliy ishlar qilindi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida tashkil etilgan “Davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzuidagi xalqaro ilmiy -amaliy konferensiyada ta’kidlandi.  

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi a’zosi, 2022 yilgi Prezidentlik saylovida Demokratik partiyadan nomzod Pak Yon Chjin, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sundjin Pak, Koreya davlat boshqaruvi instituti prezidenti Sanxan Choi, O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov, shuningdek vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat boshqaruvining turli yo‘nalishlari bo‘yicha mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar, manfaatdor davlat organlari va turli jamoat tuzilmalari, shuningdek, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya ishida 2017 – 2021 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan umumiy qiymati 3,15 million AQSH dollari bo‘lgan “Davlat boshqaruvi sohasiga innovatsiyalarni jalb etish va Davlat boshqaruvi akademiyasi salohiyatini oshirish” loyihasining natijalari muhokama qilindi. Ta’ikidlanishicha, loyiha doirasida Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti, Koreya davlat boshqaruvi instituti, Seul milliy universiteti va CICSoft axborotni rivojlantirish kompaniyasi bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi.

Loyihaning birinchi bosqichida Davlat xizmatchilarining kompetentlilik modeli ishlab chiqilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi salohiyatini mustahkamlash uchun akademiya boshqaruv kadrlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi, vazirliklarning kadrlar siyosati bo‘yicha ma’sul xodimlari ishtirokida xalqaro ekspertlar tomonidan oltita mahalliy seminar-treninglar tashkil etildi.

Loyiha doirasida 2019-2020 yillar davomida ishlab chiqilgan Davlat xizmatchilarining kompetentlilik modeli asosida Seul Milliy Universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi qayta tayyorlash kurslari uchun inson resurslarini boshqarish bo‘yicha har biri 5-7 ta moduldan iborat 7 ta o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Shuningdek, Koreya davlat boshqaruvi instituti bilan hamkorlikda 13 bobdan iborat bo‘lgan “Davlat boshqaruvi” darsligi yaratildi. Darslikda davlat boshqaruviga innovatsiyalarini joriy etish, raqamlashtirish, jamoatchilik bilan aloqalar (vositachilik), to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimida innovatsion usullarni qo‘llash va davlat boshqaruvi organlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha eng yaxshi nazariy va amaliy bilimlar, ma’lumotlar jamlangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida “SMART” raqamli muhitini yaratish doirasida akademiya Multimedia markazi va Axborot resurs markazining moddiy-texnik bazasi 500 ming AQSH dollariga teng texnik vositalar bilan yangilandi.

Akademiya axborot resurs markazi faoliyati, davomatni avtomatik tekshirish tizimlari, ta’lim jarayonlarini elektron boshqarish tizimi, nazorat-o‘tish tizimi loyiha doirasida raqamlashtirildi. Akademiyada “smart” ta’limni takomillashtirish uchun 8 ta fan bo‘yicha aralash ta’lim shakli joriy etildi, onlayn ta’limni ta’minlash bo‘yicha Koreya tajribasiga asoslangan 70 dan ortiq videoma’ruzalardan iborat videokontent tayyorlandi. Akademiya kompyuter texnologiyalari markazining ikki nafar xodimi zamonaviy videokontent tayyorlash bo‘yicha Koreya Respublikasida o‘quv kurslarini tamomladi.

Loyiha doirasida Koreya Respublikasida maxsus ishlab chiqilgan “Salohiyatni oshirish” qisqa muddatli o‘quv dasturlarida respublikamiz vazirlik va idoralaridan 30 nafar davlat xizmatchilari, o‘quv dasturining 130 nafar tinglovchilari, akademiya boshqaruv va ma’muriy xodimlarining 65 nafari qatnashdilar. Ulardan 172 nafari Koreyada offlayn, 55 nafari O‘zbekistonda onlayn ta’lim oldilar.  

Konferensiya davomida, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimining hozirgi holati, muammolar tahliliy muhokama qilindi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida davlat boshqaruv tizimini uzluksiz takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mohigul Qosimova, Yoqub Meliboyev (surat)

Manba: O'zA

Поделиться