O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekiston – Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik forumi” bo‘lib o‘tdi
2021-11-26 | Jamiyat
Bugun, 26-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “O‘zbekiston – Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik forumi” bo‘lib o‘tdi. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Forumni o‘tkazish asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida bilim va tajriba bilan almashish. Tadbirda qator vazirlik va idora, xo‘jalik birlashmalari va banklarning vakillari, Toshkent shahridagi Inha universitetining professor-o‘qituvchilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Forumni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov ochib berdi. Vazir ta’kidlaganidek, elektron hukumat rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishda vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalarining ham ko‘magi zarur bo‘ladi.
“Ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi sarhisob forumi barcha uchun foydali bo‘lishi bilan birga, fuqarolarimiz turmush tarzida IT texnologiyalarni keng qo‘llash va hayotning davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashitirish borasidagi ishlarimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi” – dedi AKT vaziri Sh. Shermatov.
Forum doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi o‘rtasida 2020 yilda imzolangan Memorandum doirasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ekspertlar guruhi faoliyatining natijalari ham taqdim qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi