O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat organlari orasida ichki hujjatlarni va ma'lumotlarni almashishni osonlashtirish va kengroq joriy etish vazifalari belgilandi
2021-11-26 | Jamiyat
AKT vaziri Sherzod Shermatov “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi - UNICON.UZ” faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarilayotgan loyihalarini jadallashtirish va barcha davlat organlari orasida o'zaro hujjat va ma'lumotlar almashishni oson qilib tezroq joriy etish vazifalarini belgiladi.
AKT vaziri Sh. Shermatov korxona xodimlari bilan suhbatlashdi. Unda joriy yil avgustda ochilgan “UNICON.UZ” yangi binosida ular uchun barcha sharoitlar yaratilganligi to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda markazda 220 nafar xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xodimlarining 41 nafari ilmiy-tadqiqot faoliyat bilan shug‘ullanib, 10 nafari fan nomzodlari va 1 nafari fan doktori hisoblanmoqda. 28 nafar mustaqil tadqiqotchilar ilmiy ishlar ustida faoliyat olib bormoqda. Joriy yilda 71 nafar xodimlarning malakasi oshirildi.
Uchrashuv doirasida markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Markazda bitta ilmiy-tadqiqot department va 6 ta ilmiy-tadqiqot bo‘limlari, shuningdek ishlab chiqarish departamenti hamda 6 ta sinov laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda.
“UNICON.UZ” respublikamizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetakchilik qilayotgan ilmiy maskan hisoblanib, aloqa sohasi me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish, standartlashtirish, metrologiya, telekommunikatsiya tarmoqlarida ishlatiladigan asbob-uskunalarni sertifikatlashtirish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Jumladan, 2018-2021-yillar davomida markaz tomonidan 23 ta mavzudagi ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi, 66 ta normativ-huquqiy, 30 ta rahbariy hujjatlar va 57 ta davlat standartlari ishlab chiqildi.
Markaz faolilyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sertifikatsiyani amalga oshirish va yangi texnika va texnologiyalarini laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish ham hisoblanadi. 2018-2021-yillar davomida markaz tomonidan jami 8,5 mingdan ortiq laboratoriya sinovlari o‘tkazildi va 4,8 mingdan ortiq sertifikatlar topshirildi.
“UNICON.UZ” qator strategik ahamiyatga ega loyihalarda ham ishtirok etmoqda. Ular qatorida Saylov jarayonini boshqarish tizimi, O‘zbekiston Respublikasining seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlarning elektron texnik pasportlari tizimi, “E-kasb.uz” onlayn kasb-hunarlar platformasi shular jumlasidandir.
Taqdimot doirasida soha rahbari markazning faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va mulohazalarini bildirdi, xususan, dolzarb va muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, xodimlarning malakasini oshirish, ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi