O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Tatariston vakillari venchur kapital sohasida hamkorlik memorandumini imzoladilar.
2021-11-24 | Innovatsiya
“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida O‘zbekiston Innovatsiya vazirligi vakillari va Tatariston delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Vazirlik Tataristonning tegishli idoralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ochiq ekanini taʼkidladi.
– Tataristonda bo‘lganimizda bizni iliq kutib olishdi va sizning innovatsion rivojlanish modelingizni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik, – dedi vazir. – O‘sha paytda ikki davlat o‘rtasida muloqot tashkil etish va innovatsion loyihalarni taqdim etish va, albatta, hamkorligimizni yaxshilashga kelishib oldik.
Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, vatandoshlarning amaliyot o‘tashi uchun shart-sharoit yaratish borasida salohiyat mavjudligini taʼkidladi.
– Biz katta delegatsiya bilan keldik, ularning orasida AKT yo‘nalishlari vakillari, shuningdek, mamlakatimiz va xorijda loyihalarni faol amalga oshirayotgan rezident kompaniyalar bor, – dedi Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiyot vaziri Midxat Shagiaxmetov. – Har qanday davlat uchun nafaqat ish o‘rinlari, balki yuqori texnologiyali ish o‘rinlarini yaratish ham muhim ahamiyatga ega. Innovatsiyalar va texnologiyalar, birinchi navbatda, aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Biz hamkorlikni rivojlantirishga va kelajakda O‘zbekiston vakillarining Tataristondagi universitetlarimiz, innovatsion tuzilmalarimiz bilan tanishish dasturini tayyorlashga tayyormiz.
Midxat Shagiaxmetov, shuningdek, yaratilgan “InnoWeek.Uz-2021” maydonchasi uchun minnatdorchilik bildirib, u yerda, jumladan, hamkasblari bilan muloqot qilish imkoniyati yaratilgani va Tataristonda O‘zbekiston vakillarini ko‘rishdan xursand bo‘lishini taʼkidladi.
Uchrashuv doirasida Tatariston Respublikasi Investitsiya va venchur jamg‘armasi va “UzVC” Milliy venchur fondi (UzVC) MCHJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi