O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlandi
2021-11-24 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligining rasmiy ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda 50 ga yaqin xorijiy davlatlardan va maxalliy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlar vakillari, ekkmpertlar, olimlar ishtirok etmoqda.
Ochilishda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov tadbir ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, ushbu haftada “InnoWeek.Uz-2021” tajriba almashish, yangi loyihalarni o‘rganishga ko‘maklashishini alohida qayd etib o‘tdi. 27 noyabrga qadar davom etadigan tadbir doirasida ko‘plab tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
— 2020-yil haqiqatan ham iqtisodiyot uchun juda jiddiy sinovga aylandi», —Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot vaziri Midxat Shagiaxmetov. – Bunday sharoitda innovatsion faoliyatga iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning strategik masalasi sifatida qarash kerak. Bozor dinamikasi, o‘z navbatida, innovatsion jarayonlarga ham taʼsir qiladi. Jahon iqtisodiyotining nobarqaror hodisalariga samarali qarshi turish uchun birgalikda harakat qilish zarurligini alohida taʼkidlamoqchiman. Shu bois mamlakatimizda to‘plangan tajriba almashish imkoniyati mavjud bo‘lgan, innovatsion faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan bunday tadbirlarni o‘tkazish nihoyatda muhim.
Bu yilgi InnoWeek.Uz-2021 haftaligida pandemiyadan keyingi davrda innovatsiyalar, yashil texnologiya va sunʼiy intellektga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘z chiqishida mamlakatimizda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari, resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy eta olmayotgani taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotganini taʼkidladi. 2018-2020-yillarda O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 135 million dollar ajratildi. InnoWeek.Uz bu yil to‘rtinchi bor o‘tkazilmoqda, shu davr ichida unda dunyoning 110 ta davlatidan 245 ta xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarining 1000 dan ortiq vakillari 660 ta innovatsion mahsulotlar bilan ishtirok etdi.
“InnoWeek.Uz-2021” haftaligi doirasida qator hujjatlar imzolandi. Xususan, Tatariston delegatsiyasi vakillari bilan Tatariston Respublikasi investitsiya-venchur jamg‘armasi va «Milliy venchur fondi UzVC» MCHJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, “Yashnobod” innovatsion texnopark va “IT-Park” yuqori texnologiyalar sohasida texnopark» DAK o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida o‘tkazilayotgan tadbir ishtirokchilari va mehmonlari uchun xalqaro innovatsiyalar yarmarkasi ochildi. Birinchi qavatda yashil energetika sohasida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarning ilmiy loyihalari, stendlarini ko‘rish mumkin. Ikkinchi qavatda universitetlar, mahalliy tadbirkorlar va texnologik marafon ishtirokchilarining loyihalari namoyish etiladi. Uchinchi qavatda xorijiy ishlab chiqaruvchilarning stendlari, to‘rtinchi qavatda esa, Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Yashnobod innovatsion texnologiyalar parki rezidentlarining mahsulotlari joy olgan.
Parallel ravishda, shu kuni Technoways ishtirokchilari o‘z loyihalarini taqdim etishdi va 24-noyabr kuni investorlar tomonidan mablag‘ bilan taʼminlanadigan g‘olib startaplar aniqlanadi.
Tadbirni ushbu havola orqali onlayn kuzatib borishingiz mumkin. Ushbu sayt orqali esa mehmonlar va ishtirokchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi