O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bo‘lajak trenerlar malakasi oshirildi
2021-11-23 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Yoshlar ishlari agentligining mahallalardagi vakillari uchun hududlarda tashkil etiladigan seminar-treninglar trenerlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari xodimlari, Milliy gvardiyaning faxriy ofitserlari va professor-o‘qituvchilardan iborat 220 nafar trener tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Ularga Davlat boshqaruvi akademiyasi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti professor-o‘qituvchilari, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislari tomonidan 2 kun davomida nazariy va amaliy bilim berildi.
O‘quv jarayonida bo‘lajak trenerlar Yoshlar ishlari agentligining MFYdagi vakili lavozimiga nomzodlar uchun mahalladagi har bir yoshlar bilan manzilli ishlab, ularning muammolarini hal etish, “Yoshlar daftari” va yoshlar dasturlarini shakllantirish va ularning ijrosini ta’minlash, “Besh muhim tashabbus” ijrosini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, hokim yordamchilari bilan birgalikda yoshlarning kasb ko‘nikmalarini shakllantirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha ularning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, tinglovchilarning “Yoshlar yetakchilarida kasbiy muloqotni shakllantirish”, “Xatar guruhi”ga mansub (huquqbuzarlikka moyil, profilaktik hisobda turgan) yoshlar bilan ishlash texnologiyalari”, “Yoshlar yetakchilarida liderlik mahoratini rivojlantirish”, “Mahallada yoshlarning ustuvor muammolarini aniqlash”, “Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish”, “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish va ularning bandligini ta’minlash masalalari”, “Yoshlar yetakchilarida “Yoshlar daftari” bilan ishlash va yoshlar dasturlarini shakllantirish ko‘nikmalarini rivojlantirish” va “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” kabi mavzular doirasida bilim, ko‘nikma va malakalari oshirildi.
Mazkur o‘quv-seminarida tayyorgarlikdan o‘tgan trenerlar joriy yilning noyabr-dekabr oylarida har bir shahar va tumanlarda tashkil etiladigan seminar-treninglarda Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi vakilligiga saralab olingan nomzodlar bilan o‘quv treninglari olib boradi.
Manba: O'zA