O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda
Joriy yilning 22-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari, Buyuk Britaniyaning Istanbul shahridagi Bosh konsuli K.Poleo bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Britaniya hamkorligining keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi. Siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning faol dinamikasi qayd etildi.
O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimi Kengaytirilgan sxemasi (GSP EF)ning benefitsiar mamlakati maqomini olgani bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Ushbu qadam ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishi ta'kidlandi.
Muloqot chog‘ida tomonlar GSP EF benefitsiarining imtiyozli maqomidan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. O‘zbekiston ushbu maqomga ega bo‘lishi munosabati bilan Buyuk Britaniya bilan o‘zaro savdoni ko‘paytirishning yangi imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirish maqsadida mamlakatmiz vazirliklari, idoralari va ishbilarmon doiralari uchun tematik seminarlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning muhim omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini bir-biriga yaqinlashtirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Shu nuqtai nazardan, savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston–Britaniya Kengashining samaradorligi qayd etildi va uning negizida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi doimiy platforma sifatida O‘zbekiston-Britaniya ishbilarmonlar Kengashini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, moliyaviy-texnik hamkorligi sohasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jahon banki bilan birgalikda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyotni samarali boshqarish” (EGED) dasturi doirasida O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish borasida yaqin muloqotda bo‘lib turishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi