O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va ekoturizm zonasiga aylantiriladi
2021-11-22 | Ekologiya
22-noyabr kuni Toshkent shahrida “Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMTning Taraqqiyot Dasturi Administrator yordamchisi, Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov, Megapolislarni rivojlantirish Buyuk Parij alyansi prezidenti Nikolya Bushu, YUNESKO Bosh direktorining ilm-fan bo‘yicha yordamchisi Shamila Nair-Beduel xonim, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qatnashdilar va tabrik so‘zlari bilan chiqdilar.
“Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Maxsus rezolyutsiyani amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. 2021 yil 29 iyulda BMTning Maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirishning yetti yo‘nalishi belgilandi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «yashil qoplamalar» barpo etishga doir ishlar ketmoqda. 2021 yilda ushbu tadbirlar natijasida 560 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» tashkil etilib, shundan 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi. Qoraqalpog‘istondagi o‘rmon fondi yerlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo‘yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o‘rmon fondining tog‘, vodiy va to‘qay yerlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekish ishlari tashkil etilmoqda”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.
Orol dengizi inqirozi oqibatlari Orolbo‘yi mintaqasida yashayotgan millionlab odamlarning hayot faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib kelmoqda. Maʼlumki, keyingi 55 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,2 million gektar maydonga Orolqum deb nomlangan yangi cho‘l paydo bo‘ldi.
Dunyoning boshqa har qanday cho‘llarida bo‘lgani kabi Orolqumda ham insonlarning to‘kis hayot kechirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, bioxilmaxillik va ekotizimni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilma va ijtimoiy shart-sharoitlar yetarli emas. Shu bois ham 2021 yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi maxsus Rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Mazkur Rezolyutsiyaga asosan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar, shuningdek, yashil iqtisodiyot va mahsulotlardan ko‘p marta foydalanadigan iqtisodiyot tamoyillari asosida Orolbo‘yi hududini ekologik va insoniyat inqirozi bilan bog‘liq hududdan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar hamda ustuvor loyihalar yo‘nalishlari belgilandi.
“Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiramiz” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiya davomida asosiy muhokamalar dunyo tajribasidan kelib chiqib, Orolbo‘yi mintaqasida innovatsiyalar va ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, cho‘llanishning oldini olish va ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Hozirda BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamkorligida BMT Taraqqiyot Dasturi, Yevropa Ittifoqi, YUNISEF, Islom taraqqiyot banki, ICBA xalqaro markazi bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Tunis, Shveysariya va Kanadalik olimlar bilan birgalikda Orolbo‘yining sho‘rlangan va qurg‘oqchil yerlarida ilmiy hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Orolbo‘yida ICBA xalqaro markazidan keltirilgan 18 ta o‘simliklarni va mahalliy yovvoyi o‘simliklar florasi namunalarini madaniylashtirish bo‘yicha sinovdan o‘tkazishga doir tadqiqotlar olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidan 10 turdan ortiq tuproq toifalari asosida ilmiy lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi. “Oroldagi mening bog‘im” (My garden in the Aral Sea) agro-ekoturizm loyihasi ishlab chiqildi va hozirgi kunda ko‘rgazma uchastkalarida 5126 dan ortiq dekorativ hamda cho‘lga chidamli daraxtlar ekilgan.
Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ko‘magida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda ImkonLab dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonda Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot, Nukus tumanlari yoshlarining startap loyihalariga yordam ko‘rsatildi. Tunisning Chahbani Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda tuproq ostidan sug‘orish yangi innovatsion irrigatsiya tizimini joriy etilmoqda. Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Sinszyan Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda suvni tejash texnologiyasi asosida makkajo‘xori va paxta hosildorligini ko‘paytirish tajriba-sinovlari o‘tkazilmoqda (ushbu loyihalar doirasida jami 211 ming AQSH dollari jalb qilindi).
Bugungi xalqaro konferensiyada Yaponiya davlati bilan SATREPS dasturi doirasida ilmiy-tajriba ishlarining rasmiy boshlanishi va Germaniya davlati bilan CLIENT III dasturi doirasida yangi qo‘shma tanlov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda va hamkorlik ishlariga kirishilmoqda.
Anjuman yakunlari bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga hamda innovatsion rivojlanishning zaruriy infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlariga katta ahamiyat qaratilib, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish tashabbusi dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi